O‘smir dzyudochilarimiz “Cadet and Junior Asian Cup Tashkent 2026” musobaqasida 38 ta medal jamg‘ardi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasida dzyudo bo‘yicha Uchqun Murodov xotirasiga bag‘ishlangan “Cadet and Junior Asian Cup Tashkent 2026” musobaqasida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi a’zolari 38 ta medalni qo‘lga kiritib, umum jamoada 1-o‘rinni egalladi. 20 dan ziyod davlatlarning mahoratli dzyudochi o‘smirlari qatnashgan 16 ta vaznidagi murosasiz bahslar sarhisobiga ko‘ra, 13 ta vaznda terma jamoamiz a’zolari g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Iste’dodli sportchi yoshlarimiz Akbar Sharipov (-50), Bobur Yusupov (-55), Davlatbek Ahrorov (-60), Mirsaid Jo‘rayev (-66), Behruzbek Usmonov (-73), Samandar Sunnatov (-81), Jo‘rabek Eshpo‘latov (-90), Alibek Durdiyev (+90), Iroda Sirojiddinova (-40 kg), Nozima Normurodova (-44 kg), Zuhra Alimova (-57), Dinora Samandarova (-63) va Ziyoda Shomurodova (-70) Osiyo kubogi shohsupaga ko‘tarildi.

Ular sharafiga madhiyamiz yangrab, bayrog‘imiz sarbaland bo‘lishi O‘zbek dzyudosining yangi oltin avlodi kamolga yetayotganligini yana bir karra yorqin namoyon etdi. Ikki kunlik bellashuvlarda ustunlikka erishgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi 13 ta oltin, 9 ta kumush, 16 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.

Ikkinchi o‘rindan joy olgan Qozog‘iston o‘smirlar terma jamoasi 2 ta oltin, 3 ta kumush, 10 ta bronza medaliga egalik qilgan bo‘lsa, 3-pog‘onani band etgan Qirg‘iziston vakillari 1 ta oltin, 1 ta kumush medal bilan kifoyalandi. Endi 30-31-may kuni o‘tkaziladigan qit’a kubogi musobaqalarida 20 ga yaqin davlatning yosh dzyudochilari o‘z vazn toifasida g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA