Prezident: "O‘qituvchi – mehr daryosi, o‘qituvchi – ezgulik bulog‘i, o‘qituvchi – ma’rifat quyoshi!"
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Yangi O‘zbekiston” universitetida ustoz va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Davlatimiz rahbari mazkur dargoh ta’lim tizimiga yangicha ruh va mazmun olib kirishini ta’kidlab, barcha pedagoglarni kasb bayrami bilan tabrikladi.
– O‘qituvchi – mehr daryosi, o‘qituvchi – ezgulik bulog‘i, o‘qituvchi – ma’rifat quyoshi! Ustozlar bugun yoshlar qalbiga qadayotgan ma’rifat va ezgulik urug‘ining hosilidan ertaga butun jamiyat bahramand bo‘ladi, – dedi Prezidentimiz.
Mamlakatimiz yetakchisi buyuk ajdodlarimiz kamoloti ortida ham ularga saboq bergan muallimlar turganini yodga oldi. Imom Buxoriy, Beruniy, Amir Temur va Alisher Navoiy kabi siymolarni yetishtirgan ustozlarni “odamiylik bog‘ining bog‘bonlari” deb atadi.
Davlatimiz rahbari umrini yoshlar kamolotiga bag‘ishlagan barcha ustoz va murabbiylarga yuksak hurmat va minnatdorlik bildirdi.
O‘zA