“Prezident Olimpiadasi”: Iqtidorlar saralanmoqda, o‘zbek sporti yangi bosqichga chiqmoqda
O‘zbek sportini yangi bosqichga olib chiquvchi “Prezident Olimpiadasi” musobaqalarida yuz minglab yoshlar qatnashib, saralanmoqda. Iqtidorlilar terma jamoalar safidan joy olish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, yosh avlodni jismoniy tarbiya va sportga tizimli jalb qilish maqsadida tashkil etilgan ushbu keng ko‘lamli sport harakati qisqa fursatda chinakam iqtidorlar maktabiga aylanib ulgurdi.
Musobaqalarning mahalla, tuman va viloyat bosqichlarida millionlab o‘g‘il-qizlar sportning bir qator ommaviy va olimpiya turlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etmoqdalar. Eng muhimi, ushbu jarayonda chekka-chekka qishloq va ovullardagi sport to‘garaklarida mashg‘ul bo‘layotgan, ammo shu paytgacha o‘z iqtidorini keng jamoatchilikka ko‘rsata olmagan yosh sportchilar yuzaga chiqmoqda. Ularning mahorati tajribali seleksionerlar hamda milliy terma jamoalar murabbiylari tomonidan alohida nazoratga olinmoqda.
“Prezident Olimpiadasi” doirasida saralab olingan yoshlar ixtisoslashtirilgan sport maktablari, olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlariga yo‘naltirilmoqda. U yerda ular uchun zamonaviy me’yorlar asosida mashg‘ulotlar o‘tkazish, xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir bo‘lgan yangi avlod chempionlarini tarbiyalash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu musobaqa tizimi o‘zbek sportining zahira bazasini tubdan yangilashga va istiqbolli olimpiyachilar avlodini shakllantirishga xizmat qiladi. Musobaqaning respublika bosqichlari qizg‘in pallada davom etmoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA