Press-tur: “O‘zmetkombinat” AJ mehnat faxriysiga Prezident sovg‘asi topshirildi (+video)
1944-yilda tashkil etilgan “O‘zmetkombinat” AJ bugungi kunda mamlakatimiz metallurgiya sanoatining tayanch korxonalaridan biri hisoblanadi. Qariyb sakson yillik faoliyati davomida korxona yurtimiz iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ayni paytda kombinatda 5,5 ming nafardan ziyod ishchi-xodim mehnat qilib, zamonaviy texnologiyalar asosida raqobatbardosh metall mahsulotlari ishlab chiqarmoqda.
Korxonada ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, raqamli yechimlarni joriy etish, mehnat unumdorligini oshirish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shu jarayonlar, korxonada amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar bilan yaqindan tanishish maqsadida joriy yilning 15-iyul kuni ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “O‘zmetkombinat” AJga press-tur tashkil etildi.
Tadbir avvalida ishtirokchilar kombinat muzeyiga tashrif buyurib, korxonaning tashkil topish tarixi, bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li va bugungi rivojlanish bosqichlarini o‘zida mujassam etgan ekspozitsiyalar bilan tanishdi. Shundan so‘ng, “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi Bahodir Abdullayev hamrohligida kombinat ishchi-xodimlarining bukilmas irodasi va mashaqqatli mehnatiga bag‘ishlangan “Metallurg” monumenti ziyorat qilindi.
Monument oldida Bahodir Abdullayev jurnalistlarga kombinatning qariyb bir asrlik tarixi, mamlakat sanoatidagi o‘rni hamda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning 13-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bekobod shahriga tashrifi chog‘ida “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Tashrif doirasida yangi Quyuv-prokatlash majmuasini tantanali ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, mazkur zamonaviy majmua faoliyatiga rasman start berdi.
Ushbu majmua mamlakatimizda issiq prokatlangan po‘lat listlar ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi yirik sanoat loyihasi hisoblanadi. Uning ishga tushirilishi metallurgiya tarmog‘ini yangi bosqichga olib chiqish, import o‘rnini bosish, yiliga 1 million tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatini yaratish, minglab yangi ish o‘rinlarini tashkil etish hamda energiya tejamkor va raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish imkonini beradi.
Shuningdek, Prezident tomonidan kombinatni yanada rivojlantirish, mahalliy xomashyo bazasini mustahkamlash va hududda “O‘zbekiston ekologik texnologiyalar sanoat parki”ni tashkil etish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgani qayd etildi.
Prezident tashrifidan ikki kun o‘tib tashkil etilgan press-tur davomida jurnalistlar ushbu vazifalarning amaliy ijrosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Dastlab ishtirokchilar 2026-yilda ishga tushirilgan “Sun’iy intellekt markazi” faoliyati bilan tanishdi. Mazkur markaz kombinat tarkibidagi barcha ishlab chiqarish ob’ektlarini real vaqt rejimida kuzatish, tahlil qilish va tezkor axborot olish imkonini beruvchi zamonaviy raqamli boshqaruv tizimi bo‘lib, korxonada innovatsion nazorat mexanizmlari keng joriy etilayotganidan dalolat beradi.
Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari yangi Quyuv-prokatlash majmuasi bilan tanishdi.
Majmua haqida so‘z yuritar ekan, “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi Bahodir Abdullayev uning mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
– Davlatimiz rahbari ushbu majmuaga tashrif buyurib, uning faoliyatiga start berdi. Bu voqea nafaqat kombinat, balki butun O‘zbekiston sanoati tarixida muhim sahifa bo‘lib qoladi. Mazkur majmua ishga tushgunga qadar issiq holatda rulonlangan po‘lat listlarga bo‘lgan ichki ehtiyoj to‘liq import hisobidan qoplanar edi. O‘tgan yili bunday import hajmi qariyb 1,5 million tonnani, qiymati esa 800 million dollarni tashkil qildi. Endi esa ushbu mahsulotlar mamlakatimizda ishlab chiqarilib, import o‘rni bosiladi. Bu orqali 300 million dollardan ortiq qo‘shimcha qiymat yaratiladi va 3 mingdan ziyod yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Faqat majmuaning o‘zida 1200 ta ish o‘rni yaratildi. Eng muhimi, mahsulotlarimiz yuqori sifati va raqobatbardoshligi bilan ajralib turadi. Buni mijozlarimizning o‘zi e’tirof etmoqda. Kelgusida ushbu mahsulotlar avtomobilsozlik, vagonsozlik, energetika va boshqa strategik tarmoqlarda keng qo‘llaniladi, – dedi B.Abdullayev.
Press-tur davomida ishtirokchilar nafaqat ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishdi, balki korxonaning ochiqlik siyosati va hamkorlik aloqalarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslari haqida ham ma’lumot oldi. Xususan, “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi Bahodir Abdullayev hamda O‘zbekiston milliy media assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Odiljon Tojiyev ishtirokida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunida axborot sohasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi.
Ishtirokchilar uchun korxona faoilyati bilan tanishuv mazmunli va taassurotlarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, Prezident e’tirofiga sazovor bo‘lgan kombinat mehnat faxriysi Hamid Andayev hamda “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sohibi, yosh mutaxassis Dilnoza Pirimqulova bilan uchrashuv katta qiziqish uyg‘otdi. Suhbat davomida ular o‘zlarining mehnat faoliyati, kasbga bo‘lgan sadoqati, kombinat taraqqiyotidagi ishtiroki hamda mamlakatda inson qadri va mehnatga berilayotgan yuksak e’tibor haqida samimiy fikrlarini bildirdi.
– “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti tanlovida yoshligimdan ishtirok etib kelganman. Bu mukofotga erishish oson emas, buning uchun katta mehnat, izlanish va insonning o‘zi ustida tinimsiz ishlashi talab etiladi. Prezidentimiz bilan bo‘lgan uchrashuv esa hayotimdagi eng unutilmas voqealardan biri bo‘ldi. Suhbat davomida aytgan ikki og‘iz gapimga ham alohida e’tibor qaratganlari men uchun katta baxt va yuksak e’tirof bo‘ldi. Buni men nafaqat shaxsiy yutug‘im, balki barcha yoshlar uchun berilgan kuchli motivatsiya, deb bilaman. Prezidentimiz har bir harakat qilayotgan, izlanayotgan yosh davlat e’tiborida ekanini yana bir bor namoyon etdilar.
O‘sha kungi hayajonimni so‘z bilan ifoda etish qiyin. Oddiy bir qiz uchun bir kun ichida hayoti butunlay o‘zgarishi mumkinligini o‘z misolimda his etdim. Endi esa o‘z oldimga yanada yuksak maqsadlar qo‘yganman. Bu mukofot men uchun so‘nggi manzil emas, balki yangi marralarning boshlanishi. O‘z ustimda yanada ko‘proq ishlayman, xorijiy tillarni o‘rganaman va yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan mutaxassislardan biri bo‘lishga intilaman. Kelgusida ham mehnatim va izlanishlarim bilan Prezidentimiz ishonchini oqlashga harakat qilaman, – dedi D.Pirimqulova.
Press-tur ishtirokchilari uchun kombinat mehnat faxriysi Hamid Andayev bilan uchrashuv eng yorqin va unutilmas lahzalardan biriga aylandi. Ayniqsa, shu kuni “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi Bahodir Abdullayev tomonidan Prezidentimiz sovg‘a qilgan “BYD” avtomobilining tantanali ravishda Hamid otaga topshirilishi tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Hamid Andayev 1955-yilda Metallurgiya kombinatida (hozirgi “O‘zmetkombinat” AJ) mehnat faoliyatini boshlagan. U 48 yil davomida korxonada samarali mehnat qilib, 2003-yilda nafaqaga chiqqan. Kasbiga bo‘lgan sadoqati va ko‘p yillik fidokorona mehnati yuksak e’tirof etilib, joriy yilning 13-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan unga “BYD” rusumli avtomobil sovg‘a qilindi.
–Kombinatdagi bugungi o‘zgarishlarni avvalgi yillar bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Men ish boshlagan davrlarda ishlab chiqarish jarayonlari butunlay boshqacha edi. O‘sha vaqtlarda mazutda ishlardik, sexlardagi shovqin juda qattiq bo‘lar, hatto quloqqa og‘ir ta’sir qilardi. Bugun esa texnologiyalar ham, mehnat sharoitlari ham tubdan o‘zgargan. Kombinat zamonaviy qiyofa kasb etganini ko‘rib xursand bo‘ldim.
Prezidentimiz bilan uchrashuv men uchun katta hayajon va unutilmas voqea bo‘ldi. Davlatimiz rahbari meni samimiy tabriklab, hol-ahvolimni so‘radilar. “Hali kasal bo‘lmang, oldinda qiladigan ishlaringiz ko‘p. Siz hali ham mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘shasiz”, degan iliq so‘zlari men uchun katta e’tibor va e’tirof bo‘ldi. Bu mehnatimizga berilgan yuksak baho sifatida qalbimda abadiy saqlanadi, – deya quvonchini yashira olmadi otaxon.
Press-tur so‘ngida ishtirokchilar 2021-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “Metallurg” futbol akademiyasi faoliyati bilan ham tanishdi. O‘zbek milliy futboli uchun iqtidorli yoshlarni tayyorlashga ixtisoslashgan mazkur akademiya zamonaviy infratuzilmasi va xalqaro standartlarga mos sharoitlari bilan ajralib turadi.
Yakunda “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi Bahodir Abdullayev jurnalistlar bilan muloqot qilib, OAV vakillari savollariga atroflicha javob qaytardi.
Muxtasar aytganda, press-tur ishtirokchilari “O‘zmetkombinat” AJning bugungi faoliyati, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, raqamli yechimlar, mehnat jamoasi va korxonaning kelgusi rivojlanish rejalari haqida keng tasavvurga ega bo‘ldi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/p1mHZoCZtrY?si=-Apz8abVOfTDFtI4" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Davronov,
Anvarxo‘ja Ahmedov (video+montaj),
O‘zA