Bedanachilik — daromad manbai
Ba’zan katta daromad manbaini yaratish uchun katta yer maydoni yoki salmoqli sarmoya shart emas. To‘g‘ri tashkil etilgan kichik xonadon tadbirkorligi ham oila byudjetiga munosib hissa qo‘sha oladi. Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida yo‘lga qo‘yilayotgan bedanachilik kooperatsiyasi ana shunday imkoniyatlardan biridir.
“Real Hunter” mas’uliyati cheklangan jamiyati va Arnasoy tumani hokimligi tashabbusi bilan aholi bandligini ta’minlash, xonadonlar daromadini oshirish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyihaga start berildi. Dastlabki bosqichda 100 ta xonadonni bedana bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Maqsad oddiy, ammo mazmunli: xonadonga bedana kirib keladi, uni parvarishlash uchun zarur sharoit va ko‘nikma yaratiladi, olingan mahsulotni esa “Real Hunter” MCHJning o‘zi sotib oladi. Eng muhimi, bu jarayonning har bir bo‘g‘inini bir-biriga bog‘laydigan kooperatsiya mexanizmi shakllantirilmoqda.
Bu yondashuv davlat siyosatida belgilangan vazifalar bilan hamohang. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi “2025-yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida aholini tadbirkorlikka jalb qilish, mahallalarda mikroloyihalarni amalga oshirish va daromadli mehnat bilan ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilgan.

Bedanachilikning afzalligi shundaki, uni xonadon sharoitida ham yo‘lga qo‘yish mumkin. Bunda fuqaroning o‘z xohishi va mehnati muhim omilga aylanadi. Arnasoylik Sherzod G‘aybullayev ham mahallada o‘tkazilgan sayyor qabulda bedanachilikka qiziqish bildirgani bejiz emas:
— Tumanimiz hokimi mahallamizga kelib, sayyor qabul o‘tkazganida bedanachilikka qiziqishimni aytdim. Tuman hokimi Odil Musanov hamda “Real Hunter” MCHJ rahbari Shuhrat Mavlonov bedana va uning maxsus qafasi va yemini qo‘shib berishdi. Maqsadim — ularni ko‘paytirib, 1000 boshga yetkazish. Korxona vakillari yetishtirilgan bedananing tuxumi, go‘shti va patini ham xarid qilishini bildirishdi.

Demak, bu yerda faqat bedana tarqatish haqida gap ketayotgani yo‘q. Xonadon — ishlab chiqarish bo‘g‘ini, tadbirkorlik sub’ekti esa mahsulotni qabul qiluvchi va bozorga olib chiquvchi “yetakchi” bo‘g‘inga aylanmoqda. Bunday iqtisodiy kooperatsiya aholining daromad manbaini kengaytirishga qaratilgan davlat siyosatida ham nazarda tutilgan. Prezidentning 2021-yil 20-dekabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida tadbirkorlik sub’ektlari bilan xonadonlar o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirish orqali aholi bandligi va daromad manbalarini oshirish vazifasi belgilangan.
Arnasoydagi tashabbusning yana bir muhim jihati — aholiga faqat mahsulot emas, bilim va tajriba ham berilayotgani.
— Bizga ko‘paytirish uchun berilgan “yapon manjur” va “oq gigant” bedana zotlarini qanday parvarishlash, qachon yem, suvini, dori-darmonini berish, sanitariya-gigiyena qoidalariga qanday rioya qilish kerakligini “Real Hunter” MCHJ mutaxassislari kelib, miridan-sirigacha tushuntirdi. Endi bizdan talab qilinadigani — berilgan tavsiyalarga qat’iy amal qilib, oilaviy daromadimizni oshirish, — deydi shu mahalla fuqarosi Nuriddin Yalg‘ashev.

Bu borada “Real Hunter”ning o‘zi ham tajribaga ega. 2025-yil 12-noyabrda O‘zA Arnasoy tumanidagi jamiyat huzurida zamonaviy parrandachilik majmuasi ish boshlaganini xabar qilgan edi. U yerda “yapon manjur” va “oq gigant” bedana zotlari parvarish qilinib, dastlab 30 ming bosh bedana yetishtirish, keyinchalik bu ko‘rsatkichni 200 ming boshgacha oshirish rejalashtirilgan. Majmua to‘liq quvvatda ishlaganda har kuni 10–12 ming dona tuxum, har 45 kunda qariyb 10 tonna parhez go‘sht yetishtirish imkoniyatiga ega bo‘lishi qayd etilgan.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, xonadonlardagi boshlanayotgan kichik xo‘jaliklar katta ishlab chiqarish zanjirining bir qismiga aylanishi mumkin. Muhimi, har bir xonadon o‘zini o‘zi band qilish bilan cheklanib qolmay, yagona tizim asosida mahsulot yetishtirish va sotish imkoniga ega bo‘ladi.
“Real Hunter”ning Arnasoydagi faoliyati ham bu yo‘nalish bilan cheklanmaydi. Korxonada bedanachilik bilan bir qatorda inkubatsiya, tuxumchilik, noyob va yovvoyi qushlarni parvarishlash hamda baliqchilik yo‘nalishlari ham yo‘lga qo‘yilgan. 2025-yil aprel oyida esa tumandagi Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hududida inkubatsiya sexi ishga tushirilgan bo‘lib, loyihada “Real Hunter” ham ishtirok etgan.

Biroq har qanday loyihaning haqiqiy samarasi uning boshlangani bilan emas, qanday natija bergani bilan o‘lchanadi. Shu bois bu tashabbusda 100 ta xonadonga bedana tarqatishning o‘zi yetarli emas. Ulardan qanchasi barqaror daromadga chiqadi, mahsulotning qanchasi bozorga sifatli va kafolatli yetkaziladi, xonadonlar bedana sonini qanchalik ko‘paytiradi — asosiy mezonlar ana shular bo‘ladi.
Qolaversa, har bir katta xo‘jalik ham bir paytlar kichik qadamdan boshlangan. Bugun xonadondagi bir necha yuzta bedana ertaga mingtalab boshga aylansa, bu faqat bir oilaning emas, mahallaning iqtisodiy faolligi oshganini anglatadi.
Bedana kichik qush. Ammo uni parvarishlash ortida katta maqsad — xonadonni daromadli, aholini band, mehnatni esa barakali qilish turibdi.
<iframe width="1059" height="595" src="https://www.youtube.com/embed/o2Wi337OBfY" title="Bedanachilik — daromad manbai" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Abdujalol Qayumov (video), O‘zA muxbiri