Poytaxt atrofidagi issiqxonalar uchun yangi ekologik tartib va davlat g‘amxo‘rligi
Qishning sovuq kunlari yaqinlashgani sari har birimiz yaqinlarimizga iliqlik ulashishga, xonadonlarimizda mo‘’tadil haroratni saqlashga intilamiz. Tabiat bizga ato etgan ko‘mir, tabiiy gaz kabi bebaho ne’matlar hayotimiz fayzini va to‘kinligini ta’minlab tursa-da, ularni asrab-avaylash, keyingi avlodlarga toza va sog‘lom ekotizim holida yetkazish barchamizning burchimiz.
Ayni paytda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda dasturxonimiz to‘kinligini ta’minlash uchun sovuq mavsumda issiqxonalarga bo‘lgan ehtiyoj ham katta ekani bor haqiqat. Biroq, bu ehtiyojlar tabiat va inson salomatligi hisobiga bo‘lmasligi kerak, chunki ana shunday nozik va murakkab muvozanatni saqlash, bir tomondan toza havo va ekologiyani asrash, ikkinchi tomondan esa issiqxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, ularga keng imkoniyatlar yaratish davlatimizning doimiy e’tiborida turibdi.
Ana shularni inobatga olgan holda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-oktabrdagi 586-son qaroriga muvofiq, Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxona xo‘jaliklari uchun yangi ekologik tartib joriy etildi. Xususan, poytaxtimiz bilan birgalikda Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlari Maxsus hudud deb belgilanib, u yerdagi issiqxonalar faoliyati uchun zamonaviy va xavfsiz talablar qo‘yildi. Endilikda bu hududlardagi issiqxonalar faqatgina tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi, geotermal hamda quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalaridagi ikkilamchi issiqlik energiyasidan foydalangan holda ishlashi lozim.
Shu bilan birga, qattiq yoqilg‘ida faoliyat yuritayotgan xo‘jaliklar ko‘rsatilgan muddatga qadar o‘z tizimini mazkur ekologik manbalarga o‘zgartirishi yoki faqatgina o‘ta qat’iy talablarni bajargan holdagina faoliyat yuritishi shart. Qolaversa, shinalar, bitum, mazut, plastmassa, polimer plyonkalar, rezina yoki maishiy chiqindilarni yoqilg‘i sifatida yoqish qat’iyan taqiqlangani hammamiz nafas olayotgan musaffo havoni asrashda muhim ahamiyatga ega.
Tabiiyki, bunday jiddiy talablar tadbirkorlarni qiyin ahvolga solib qo‘ymaydimi, degan haqli savol tug‘ilishi mumkin. Biroq, davlatimiz siyosati har doim inson manfaatlariga va tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bois, mazkur hujjatda juda katta g‘amxo‘rlik va imtiyozlar nazarda tutilgan. Jumladan, issiqxonalarni ekologik jihatdan modernizatsiya qilishni rag‘batlantirish maqsadida ko‘mak choralari belgilandiki, unga ko‘ra, chang-gaz tozalash uskunalari, qozonlar, energiya tejamkor ekranlar va samarador texnologiyalarni xarid qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq har bir gektari uchun 50 million so‘mgacha bo‘lgan qismi davlat byudjeti hisobidan subsidiya sifatida qoplab berilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, avtomatik monitoring stansiyalarini xarid qilish istagida bo‘lgan issiqxonalarga 7 yil muddatga foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan har bir stansiya uchun 350 million so‘mgacha mablag‘lar moliyalashtirilsa, keyingi loyihalar uchun tijorat banklari orqali yetti yil muddatga, uch yillik imtiyozli davr bilan, yillik 14 foiz stavkada va har bir gektarga 3 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilangan.
Bularning barchasi yurtimiz tabiati musaffoligini, havo tozaligini ta’minlash bilan birga, tadbirkorlarning ishlari barakali va farovon bo‘lishiga qaratilgan chinakam g‘amxo‘rlikdir. Albatta, belgilangan qoidalarga rioya qilmaganlarga nisbatan ekologik ekspertiza xulosasini vaqtincha to‘xtatish va tarmoqlardan uzish kabi qat’iy choralar ham ko‘rilishi tabiat oldidagi mas’uliyat naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.
Umuman olganda, ushbu qarorni ekologik muvozanatni asrash, issiqxona egalariga zamonaviy, tejamkor va xavfsiz texnologiyalarga o‘tish uchun keng yo‘l ochib beradigan hujjat, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Tabiiy boyliklarimizni ko‘z qorachig‘idek asrab, uni kelajak avlodlarga bekamu ko‘st yetkazish hamda sovuq kunlarda xalqimizga mehr va iliqlik ulashish yo‘lidagi bunday ezgu sa’y-harakatlar albatta, o‘zining yuksak samaralarini beradi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA