7 oy davom etgan muammo ijobiy hal etildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida yashovchi fuqaro O.T. tuman markazida joylashgan do‘konlarning biridan Premier televizorini sotib olgan.
Lekin oradan ko‘p vaqt o‘tmay texnikada nosozliklar yuzaga kelgan. Fuqaro darhol nosoz televizorni do‘konga ta’mirlash uchun qayta topshirgan. Biroq oradan 7 oy vaqt o‘tishiga qaramay, televizor egasiga qaytarib berilmagan. Eng achinarlisi, fuqaro televizordan foydalanmagan bo‘lsa-da, uning krediti uchun pul to‘lab kelishga majbur bo‘lgan.
Muammolardan qiynalgan fuqaro yordam so‘rab Amudaryo tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma ravishda murojaat qilgan.

Murojaatni o‘z vaqtida o‘rganib chiqqan Amudaryo tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi nomidan joriy yil 6-oktabrda do‘kon rahbariga rasmiy xat chiqarilgan. Xatda iste’molchi huquqi buzilayotganligi qayd etildi va masalani tez muddatda ijobiy hal etish yuzasidan rasmiy ogohlantirish berildi.
Jamiyat mutaxassislarining harakati o‘z samarasini berdi. Jumladan, murojaat qilinganidan so‘ng qisqa muddat ichida fuqaroning muammosi to‘liq ijobiy hal etildi. Nosoz televizor o‘rniga yangi va sifatli televizor almashtirib berildi.
Ellikqal’a tumanida yashovchi fuqaro G.Aminova To‘rtko‘l tumanida joylashgan do‘kondan muddatli to‘lov asosida oylik to‘lovi 253 ming 500 so‘mdan to‘lanishi lozim bo‘lgan muddati 24 oyga bo‘lib to‘lash asosida havo sovitkich sotib olgan. Biroq, u o‘rnatilib, ishga tushirib ko‘rilganda nosoz bo‘lib chiqqan. Do‘kon xodimlari yordam berish o‘rniga, servis xodimlarining to‘lov xarajatlarini (yo‘l haqi va boshqalarni) fuqaroning o‘zi qoplashi kerakligini aytishgan.
Ushbu holat bo‘yicha fuqaro Ellikqal’a tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Jamiyat rahbari va mas’ul shaxslar tomonidan murojaatni o‘rganish jarayonida O‘zbekiston Respublikasining "Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunining 13 va 14-moddalari talablari tushuntirildi.
Amaliy o‘rganishlar natijasida nosoz konditsioner ko‘rib chiqildi va fuqaroning huquqlari to‘liq tiklanib, nuqsonli tovar yangisiga almashtirib berildi.
Nukus shahrida yashovchi fuqaro A.Jumaniyazov do‘kondan Alif Nasiya orqali 11 million so‘mga kir yuvish mashinasi, changyutgich va gaz plitasi sotib olgan. Biroq, oradan 5 oy o‘tgandan so‘ng chang yutkich, 10 oydan so‘ng esa kir yuvish mashinasi ishdan chiqqan. Shuningdek, hujjatlarda - operator xatosi tufayli maishiy texnikalar o‘rniga “sement” deb yozilganligi ma’lum bo‘lgan.
Muammo bo‘yicha fuqaro Nukus shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Murojaat zudlik bilan mutaxassislar tomonidan qonun asosida o‘rganib chiqildi.
Jamiyat xodimlarining aralashuvi bilan do‘kon o‘z xatosini tan olib, fuqaroning 5,5 million so‘mlik kir yuvish mashinasini yangisiga almashtirib berishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri