Adolat qaror topdi: tadbirkorning 119 million so‘mdan ortiq mablag‘i o‘z ixtiyorida qoldi
Bugun mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Zero, tadbirkor hududlar obodligi va aholi farovonligiga munosib hissa qo‘shadi. Shu bois ishbilarmonlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu jarayonda Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, ya’ni Biznes-ombudsman instituti tadbirkorlarning yaqin ko‘makchisi bo‘lmoqda. Yaqinda Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlaridan biri bilan bog‘liq sud ishida ham bu o‘z tasdig‘ini topdi.
Masalaning tarixi 2020-yilga borib taqaladi. O‘sha yili 14-sentabrda Zangiota tumani hokimining qarori bilan tadbirkorga tumandagi Chinor mahallasi hududidan yarim gektar yer ajratilgan edi. Maqsad juda ezgu bo‘lib, mahalla bolalari uchun zamonaviy xususiy bog‘cha qurish edi.
Ajratilgan maydon qishloq xo‘jaligi yerlari toifasiga kirgani sababli qonunchilikka ko‘ra nobudgarchilik o‘rni qoplanishi lozim edi. Tadbirkor bu majburiyatni o‘z vaqtida bajardi. U 2024-yilning mart oyida sud hujjati asosida davlat hisobiga 370 million 332 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ni to‘liq to‘lab berdi. Mutaxassislar xulosasida ham tadbirkor bu yerni o‘zboshimchalik bilan egallamagani alohida qayd etildi.
Oradan vaqt o‘tib, davlatimiz rahbarining 2025-yil 24-iyuldagi PQ–229-sonli qarori qabul qilindi. Bu muhim hujjat hududlardagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan edi. Qarorga muvofiq viloyatdagi 82 ta tadbirkor qatorida ushbu korxona foydalanuvidagi yer maydoni toifasi ham rasman o‘zgartirildi. Tadbirkorlarga yengillik bo‘lishi uchun yer nobudgarchiligi to‘lovini besh yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berildi.
Ammo qaror ijrosini ta’minlash jarayonida hisob-kitob bilan bog‘liq tushunmovchilik yuzaga keldi. Toshkent viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi ushbu yer uchun umumiy tartibda yangidan 596,3 million so‘m nobudgarchilik to‘lovi hisobladi. So‘ngra uning dastlabki beshdan bir qismi — 119 million 263 ming so‘mni undirish bo‘yicha sudga da’vo kiritdi.
Tegishli hujjatlar ijrosi jarayonida ba’zan ana shunday texnik ustma-ust tushish holatlari uchrab turadi. Dastlabki va apellyatsiya sudi bosqichlarida asosiy e’tibor yangi qaror ijrosiga qaratilib, da’vo talabi qanoatlantirilgan edi. Natijada tadbirkor bitta yer maydoni uchun ikki marotaba to‘lov qilishiga to‘g‘ri kelib qoldi.
Ana shunday pallada tadbirkor manfaatini himoya qilish uchun Biznes-ombudsman ishga kirishdi. Vakil idorasi mutaxassislari hujjatlarni sinchiklab o‘rganib chiqdi. Shundan so‘ng Toshkent viloyat sudiga taftish tartibida shikoyat kiritildi. Unda juda oddiy va hayotiy haqiqat o‘rtaga tashlandi. Ya’ni tadbirkor bitta yer maydoni uchun davlat oldidagi majburiyatini avval to‘liq bajargan. Shu bois undan ayni shu yer uchun ikkinchi marta pul undirilishi adolat mezonlariga to‘g‘ri kelmaydi.
Joriy yilning 17-sentabr kuni Toshkent viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati mazkur ishni taftish tartibida ko‘rib chiqdi. Sud masalaga har tomonlama, xolis va chuqur yondashdi. Iqtisodiy protsessual kodeks talablari asosida barcha dalillar qayta baholandi. Tadbirkorning 2024-yilda 370 million so‘mdan ziyod nobudgarchilik to‘lovini to‘lab bo‘lgani huquqiy jihatdan to‘liq inobatga olindi.
Yakunda adolat tantana qildi. Toshkent viloyat sudi taftish instansiyasi Biznes-ombudsman shikoyatini qanoatlantirdi. Quyi sudlarning qarorlari bekor qilinib, tadbirkordan 119 million 263 ming so‘m undirish haqidagi da’vo rad etildi.
Ushbu holat mamlakatimizda tadbirkor o‘z muammosi bilan hech qachon yolg‘iz qolmasligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Mohichehra Eshmirzayeva, O‘zA