Polvonlarimiz Zagrebda shohsupaga koʻtarildi
Xorvatiya poytaxti Zagreb shahrida yunon-rum kurashi boʻyicha kattalar oʻrtasidagi gran-pri turnirida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari ikkitadan oltin va bronza, bir kumush medalga sazovor boʻldi.
Xorvatiya poytaxti Zagreb shahrida yunon-rum kurashi boʻyicha kattalar oʻrtasidagi gran-pri turnirida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari ikkitadan oltin va bronza, bir kumush medalga sazovor boʻldi.
Musobaqada dunyoning 20 davlatidan kelgan 200 ga yaqin polvon kelasi yili Yaponiyada oʻtadigan Olimpiya oʻyinlari litsenziyasi uchun reyting ochkolarini toʻplash maqsadida oʻzaro raqobatlashdi.
Vazni 63 kilogrammgacha boʻlgan polvonlar oʻrtasida hamyurtimiz Islomjon Bahromov final bahsida AQSH vakili Xaviyer Tramayen Jonsonni yengib oltin medalni qoʻlga kiritdi. Ushbu vaznda bronza medali uchun oʻtgan bellashuvda yana bir vakilimiz Feruz Toʻxtayev amerikalik Travis Mishel Risni yengdi.
Mahoratli polvonimiz Yelmurat Tasmuradov 67 kilogrammgacha vazn toifasidagi final bahsida ruminiyalik Radu Mixutniga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va oltin medal bilan taqdirlandi.
Gran-pri bahslarida, shuningdek, vakillarimizdan Moʻminjon Abdullayev kumush, Jahongir Turdiyev bronza medalga sazovor boʻldi.
Oʻzbekiston terma jamoasi turnirning umumjamoa hisobida ikkinchi oʻrinni egalladi. Birinchi pogʻonadan Turkiya terma jamoasi joy olgan boʻlsa, kuchli uchlikka Xorvatiya terma jamoasi yakun yasadi.