Polvonlarimiz pandemiya davrida ham shugʻullanmoqda
Umrida bir marotaba boʻlsa-da, kurash tushmagan oʻzbek oʻgʻlonini topish mushkul.
Umrida bir marotaba boʻlsa-da, kurash tushmagan oʻzbek oʻgʻlonini topish mushkul. Shu maʼnoda kurash yurtdoshlarimizning qon-qoniga singib ketgan, deyish mumkin. Ushbu sport turiga mehr bizga ota-bobolardan meros sifatida oʻtib kelmoqda.
Yurtimizda rivojlanayotgan kurash turlari orasida belbogʻli kurash alohida oʻrin egalaydi. Uzoq tarixga ega mazkur sport turi oʻziga xos usullari, mardlik, halollik kabi insoniy fazilatlarni targʻib etishi bilan ajralib turadi.
Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi raisi, Xalqaro belbogʻli kurash federatsiyasi (IBWA) vitse-prezidenti Ravshan DASTIROV OʻzA muxbiriga mazkur sport turi boʻyicha sportchi va murabbiylarga yaratilayotgan sharoitlar, mavjud imkoniyatlar, shuningdek, sohadagi muammo va kamchiliklar haqida soʻzlab berdi:
– 2001-yil Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi tashkil etildi. Shu tariqa polvonlarimiz rasman ichki va xalqaro musobaqalarda ishtirok eta boshladi, – dedi R.Dastirov. – Federatsiyani tashkil etishdan koʻzlangan maqsad – mamlakatimizda ushbu milliy sport turini qayta tiklash, aholi orasidagi ommaviyligini taʼminlash va iqtidorli oʻgʻil-qizlarni saralab, milliy terma jamoalarni shakllantirishdan iborat edi. Albatta, ilk maqsadlarga erishildi. Quvonarlisi, belbogʻli kurash milliy sport turi sifatida Universiada, “Barkamol avlod”, “Umid nihollari” musobaqalari dsturidan mustahkam oʻrin egalladi.
Belbogʻli kurash oʻrta maktab dasturiga, yaʼni jismoniy tarbiya darsligiga kiritilgan. Bolalar va oʻsmirlar sport maktablari, olimpiya zaxiralari maxsus maktab-internatlarida mazkur sport turi boʻyicha seksiyalar mavjud, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida alohida kafedra faoliyat koʻrsatadi, mustahkam zaxira va yetakchi mutaxassis-kadrlar yaratish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Har yili taqvim-rejaga muvofiq oʻtkaziladigan jahon chempionatlari va xalqaro turnirlarda, Butunjahon talabalar universiadasi, Yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlarida polvonlarimiz doimiy ravishda kuchlilar safidan joy olib kelmoqda. Jumladan, 2017-yil Ashxabodda oʻtgan Yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlarida belbogʻli kurashchilarimiz 4 oltin, 12 kumush va 18 bronza – jami 34 ta medal jamgʻarib, umumjamoa hisobida uchinchi oʻrindan joy oldi.
Sportchilarimizning yuqori natijalari, federatsiyamiz tomonidan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar tufayli 2018-yildan boshlab Butundunyo kurashlar olami (UWW) ga aʼzo boʻldik. Oʻnga yaqin oʻzbekistonlik hakam xalqaro toifa sohibi sifatida “UWW” tarkibidagi musobaqalarni boshqarib borishadi.
Mamlakatimizda belbogʻli kurashni yana-da ommalashtirish, dunyo eʼtiborini yurtimizga qaratish maqsadida bir qator yirik musobaqalar muntazam oʻtkaziladi. Toshkent viloyati Parkent tumanida 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan, Piskent tumanida Mustaqillik kuni munosabati bilan nufuzli turnirlar uyushtiriladi. Shuningdek, Fargʻona viloyati Vodil qishlogʻida anʼanaviy xalqaro turnir oʻtkazib kelinmoqda. Oʻtgan yilning 8-11-avgust kunlari Olmaliq shahrida ilk bor oʻsmirlar va qizlar oʻrtasida Prezidentimiz sovrini uchun jahon chempionati boʻlib oʻtdi. Qirq beshdan ziyod davlatdan polvonlar ishtirok etgan ushbu musobaqada sportchilarimiz eng koʻp medallarni jamgʻarib, umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egalladi.
Bugun mamlakatimizning barcha viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahrida hududiy federatsiyalar tashkil etilgan boʻlib, belbogʻli kurashni yana-da rivojlantirish uchun jadal ishlar olib borilmoqda. Bolalar va oʻsmirlar sport maktablarida ushbu sport turi bilan muntazam shugʻullanish uchun oʻgʻil-qizlarga barcha sharoit yaratilgan. Fargʻona, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida ushbu sport turini juda sevishadi. Soʻnggi oʻn yillikda esa Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham belbogʻli kurash jadal ommalashdi. Endilikda barcha hududlardan polvonlar milliy terma jamoalar safida xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritmoqda. Ayni paytda 30 mingdan ortiq yoshlar belbogʻli kurash bilan muntazam shugʻullanmoqda.
Har bir sohada boʻlgani kabi belbogʻli kurash boʻyicha ham yechimini kutayotgan muammo va kamchiliklarimiz bor, albatta. Birgina misol, oliy oʻquv yurtlariga imtiyozli tarzda oʻqishga qabul qilish boʻyicha tasdiqlangan roʻyxatga milliy sport turi sifatida tan olingan belbogʻli kurash kiritilmayotgani aholi, sportchi va murabbiylar, ota-onalar eʼtiroziga sabab boʻlmoqda. Bu borada tegishli tashkilotlarga rasmiy murojaat bilan chiqyapmiz, lekin haligacha ijobiy javob ololganimz yoʻq. Qolaversa, hududlarda belbogʻli kurash uchun moʻljallangan sport zallari, deyarli, yoʻq.
Bugungi kunda yurtimizda pandemiya sababli karantin holati joriy etilgan. Shunga qaramasdan, sportchilarimiz karantin qoidalariga toʻliq amal qilgan holda mashgʻulotlarni onlayn shaklda davom ettirishyapti. Polvonlarimiz mashgʻulotlarda emin-erkin ishtirok etishlari uchun federatsiya tomonidan imkon darajasida sharoitlar yaratib berilgan.
Oldimizda bir qator masʼuliyatli vazifalar turibdi. Maqsadimiz – belbogʻli kurash nufuzini xalqaro miqyosda yana-da oshirish, yirik musobaqalarda kuchlilar qatorida boʻlib, yurtimiz shaʼnini munosib himoya qilish, qolaversa, ushbu milliy sport turimiz yozgi Osiyo oʻyinlari va Olimpiada tarkibiga qoʻshilishiga erishishdan iborat.
OʻzA muxbiri Javohir TOSHXOʻJAYEV yozib oldi.