Polşada Mustaqillik kuni ommaviy namoyişlar bilan nişonlandi
Polşa prezidenti Karol Navrotskiy öta öng qaraş tarafdorlari tomonidan taşkil etilgan ölkaning Mustaqillik kuni munosabati bilan ötkazilgan tadbirda iştirok etdi. Taʼkidlanişiça, unda yarim milliondan ortiq kişi qatnaşgan.
Varşavada mamlakat mustaqilligi tiklanganining 108 yilligi munosabati bilan ötkazilgan anʼanaviy «Mustaqillik marşi» Roman Dmovskiy nomidagi maydondan boşlanib, Milliy stadion hududigaça davom etdi.
Prezident yiğindan oldin poytaxtning Pilsudskiy maydonida ötkazilgan rasmiy marosimda nutq sözladi. Unda mamlakat mustaqilligi, milliy birlik va davlat xavfsizligini taʼminlaş masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Navrotskiy taʼkidlaşiça, Polşa suvereniteti va mustaqilligi siyosiy hamda partiyaviy qarama-qarşiliklardan ustun turişi kerak. Davlat rahbari mamlakat xavfsizligini taʼminlaşda siyosiy kuçlar örtasida hamjihatlik zarurligini qayd etdi.
«Reuters» agentligi xabar berişiça, namoyiş davomida ayrim iştirokçilar hukumatning migratsiya siyosatiga qarşi şiorlar kötargan. Yuriş taşkilotçilari milliy suverenitet va polyak xalqining öz mamlakatidagi mavqeini himoya qiliş ğoyalarini ilgari surgan. Boş vazir Donald Tusk hukumatiga yaqin markazçi siyosiy kuçlar esa mazkur tadbirda millatçilik va muhojirlarga qarşi kayfiyatlar namoyon bölayotganini tanqid qilgan.

Namoyiş xavfsizlik çoralari kuçaytirilgan şaroitda ötkazildi. Huquqni muhofaza qiluvçi organlar poytaxtning markaziy köçalarida qöşimça politsiya kuçlarini joylaştirdi. Ayrim iştirokçilar taqiqqa qaramay pirotexnika vositalaridan foydalangan bölsa-da, rasmiylar jiddiy tartibsizliklar qayd etilmaganini maʼlum qildi.
O.Akaboyev, ÖzA