Polo: yosh chavandozlar mahoratini sinovdan o‘tkazdi
Nurafshon shahridagi “Yuksalish” mahallasi o‘yingohida shahar hokimi kubogi uchun ot polo sporti musobaqasi o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2021 yil 11 martdagi “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Nurafshon shahar hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya Toshkent viloyati boshqarmasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Toshkent viloyati Kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur turnir yosh chavandozlarni tarbiyalashga yo‘naltirilgan.

Dastlab yoshlar va kelgan mehmonlarga harbiy texnika, o‘qotar qurollari va aloqa vositalari ko‘rgazmasi namoyish qilindi.
Shundan so‘ng start berilgan musobaqada O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya Toshkent shahar hamda Toshkent viloyati boshqarmalarining harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari va Nurafshon shahar uyushmagan yoshlar jamoalari o‘zaro bellashdi. Jamoalar o‘rtasidagi bahslar qiziqarli va kurashlarga boy bo‘ldi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rinni Milliy gvardiya Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilar jamoasi egalladi. Ikkinchi o‘ringa Nurafshon shahar uyushmagan yoshlari va uchinchi o‘ringa O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari jamoasi munosib ko‘rildi.

G‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Barcha jamoalar a’zolari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi tomonidan Xorazm viloyatiga sayohatga yuboriladigan bo‘ldi.

A.Musayev,O‘zA