Podstansiyalar va elektr uzatish ob’ektlari kompleks o‘rganildi
“O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Islom Abdurahmonov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan “Chirchiq GESlar kaskadi” filiali tarkibidagi podstansiyalar, ochiq taqsimlash qurilmalari hamda elektr uzatish infratuzilmasida kompleks texnik o‘rganishlar amalga oshirildi.
O‘rganishlar davomida podstansiyalar va elektr uzatish tarmoqlarining texnik holati, ekspluatatsion ishonchliligi, yuklanish darajasi, ta’mirlash ishlari sifati hamda yuqori kuchlanishli uskunalarning ishlash samaradorligi baholandi. Shuningdek, rele himoyasi va avtomatika tizimlari, dispetcherlik boshqaruvi, telemexanika vositalari hamda avariyalarning oldini olishga qaratilgan mexanizmlar tahlil qilindi.

Bundan tashqari, elektr va sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi, uskunalarning texnik holati, avariya zaxiralari, ehtiyot qismlar bilan ta’minlanganlik va doimiy monitoring ishlari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, elektr energiyasini uzatishdagi texnologik yo‘qotishlarni kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish, raqamli monitoring va sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, o‘rganishlar yakunida elektr ta’minotining uzluksizligini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA