Pilla yetishtirish foydali sohaga aylanadi
– Bu yil Farg‘ona viloyatida 46,5 ming quti ipak qurti parvarishlanib, 2,8 ming tonna pilla hosili yetishtirish rejalashtirilgan. Uning 33,4 ming qutisi kasanachilar hamda 13,1 ming qutisi fermer xo‘jaliklari tomonidan parvarishlandi, – deydi Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Asilbek Tursunov.
– Natijada viloyatda 92 ming nafar aholi bandligi ta’minlanib, ularga ipakchilik klaster korxonalari tomonidan 111,4 milliard so‘m mablag‘ to‘lab beriladi. Shuningdek, berilgan imtiyozlar hisobiga 41,7 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari o‘zlashtirilishi maqsad qilingan. Shu tariqa 1 quti ipak qurti boqib, 60-65 kg pilla topshirgan qurt boquvchining bir oylik daromadi o‘rtacha 7 million so‘mni tashkil etishiga erishiladi.



Ayni kunlarda Farg‘ona viloyatida pilla hosilini yig‘ib olish ishlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Xususan, Yozyovon, Bag‘dod va Quva tumanlarida ilk hosilni terib olish ishlariga astoydil kirishildi.



Mavsum yumushlarini sifatli bajarishda faollik ko‘rsatgan soha ma’sullari, ilg‘or pillakorlar qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanmoqda.
Muhammadjon Obidov, O‘zA