Buyuk ijodkor ortidagi qahramon
Inson hayotida oila muhim ahamiyatga ega. Muvaffaqiyatlar kaliti ham aynan unda mujassam. Barkamol farzandlar tarbiyalash, farovon turmush kechirish ota-onalarning eng shirin tashvishi. Bejizga: “har qanday muvaffaqiyatli erkak ortida matonatli ayol hissasi yotadi”, deyilmaydi. Xuddi shunday, ayol yuzidagi haqiqiy tabassum uchun erkak bor-budini ayamaydi. Umuman olganda, shu tariqa mustahkam oila shakllanadi.
Biroq bu jarayon ijodkorlar uchun yanada muhim.
Chunki uning ruhiyati, shaxsiyati oddiy odamlardan boshqacha. Ana shunday “boshqa dunyo odami” bo‘lgan ijodkorlardan biri yirik adib, rus yozuvchisi Fyodor Dostoyevskiydir.

Uning ijodiy muvaffaqiyatida turmush o‘rtog‘i Anna Dostoyevskaya ulkan ahamiyat kasb etadi. Anna haqiqiy matonat va katta qalb egasi bo‘lgan.
F.Dostoyevskiyning ayoli vafot etgan, hayot tarzi murakkab holga kelib ulgurgan edi. Katta miqdorda qarzga botgan yozuvchi nashriyotlar bilan tuzilgan shartnomalarni bajarishga ham ko‘zi yetmay qolgandi. Biroq shu vaqtda yozuvchiga mashinist qiz yordamga keldi. Bu, Anna edi. Shu yoshgina beg‘ubor qizaloq Dostoyevskiydagi hali hech kim anglamagan buyuk iste’dodni angladi.
Neajabki, u yoshi bir joyga borib qolgan Dostoyevskiyni emas, balki ulug‘ qalb va ulkan iste’dodni tanlagan bo‘lsa.
Garchand, ularning hayoti moddiy yetishmovchiliklar bilan o‘tgan bo‘lsa-da, Annaning ruhi sokin, qalbi halovatda edi. Buni u o‘z xotiralarida batafsil yozib qoldirgan. Jahon adabiyotidagi noyob durdonalardan biri bo‘lgan “Jinoyat va jazo” romani ham aynan Annaning hissasi bilan dunyo yuzini ko‘rgan.
Xulosa qilib aytganda, ijodkorning injiq ruhiyati, beqaror hayoti va o‘zgaruvchan qalbi bilan yashash hech bir ayolga oson emas. Bunga faqat adabiyotni sevgan, o‘z umrini unga baxsh etishga rozi bo‘lgan ayollargina qodir. Anna Dostoyevskaya ham ana shundaylardan edi.
Yosh qizini 40-50 yosh atrofidagi Dostoyevskiyga berishga rozi bo‘lgan, qizining oliyjanob qarorini hurmat qilgan Annaning onasi ham tahsinga sazovor. Ehtimol, bugungi kundagi iste’dodlarning munosib porlamayotganiga ana shunday ayollar yetishmayotgani sabab bo‘layotgandir. Ammo adabiyotga o‘z hayotini baxshida qilgan Anna Dostoyevskaya barchaga o‘rnak bo‘lsa, neajab.
Sherbek Islomov,
O‘zA