Sarhisob va marralar (+video)
Jamiyat, davr, zamon tez o‘zgaryapti. Balki bu tabiiy holatdek qabul qilinar. Lekin elektron texnologiyalar rivojlangan mamlakatlarda ijtimoiy ong, siyosiy qarashlar, ichki va xalqaro mezonlar yangicha ma’no kasb etyapti. Bu esa jurnalistika oldiga ham yangi vazifalar qo‘ymoqda.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limining umumiy yig‘ilishi rasmiy hisobot emas, tahlil va taklif minbariga aylandi. Aslida jurnalist malakasini oshirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy axborot texnologiyalari va chet tillariga o‘qitish bo‘limning asosiy faoliyat yo‘nalishi edi. Ammo shubhasiz bular kam.


– Bugun davlatimiz rahbari olib borayotgan siyosatni yoritishda yanada faol bo‘lishimiz kerak, degan fikrda barchamiz yakdil bo‘ldik, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov. – Jurnalistlarning yaqin o‘n, o‘n besh yil keyingi avlodi kim bo‘ladi, ularning kasbiy malakasi-chi, degan savollarga bugun javob izladik. Shuning uchun jurnalistlar uyushmasiga faol yoshlarni jalb etishga alohida e’tibor qaratishga kelishib oldik.


Ayni choqda Farg‘ona viloyatida 27 ta bosma nashr, 6 ta televideniye va radiokanallar, 6 ta internet nashri faoliyat yuritmoqda. Ammo ayrim nashrlar hatto oyda bir chiqadi. Qo‘qon shahar, Furqat, O‘zbekiston tumanlari hokimligi muassisligidagi gazetalar esa to‘xtab qolgan.

– Men ishlaydigan “Markaziy Farg‘ona” gazetasi 3000 nusxada chop etilmoqda. Lekin Qo‘qon hokimligi muassisligidagi “Qo‘qon sadosi” gazetasi chiqmay qolganidan juda afsuslandim, – deydi jurnalist Abdumalik Boymatov. – Tahririyatlarda ish haqi va qalam haqini oshirish lozim. Yosh jurnalistlar hozirgidek qalam haqi va ish haqidan qoniqmayaptilar. Shuning uchun tahririyatlarda muqim ishlab qolishmayapti.
Yig‘ilishda yana bir muhim masala muhokama markazida bo‘ldi.
– Media savodxonlik darajasi muhim bo‘lib turibdi. Ustoz-shogird, mahorat maktablari, malaka oshirish kurslari orqali shunga erishish mumkin. Bu bilan biz yangicha fikrlovchi jurnalistlarni tayyorlashga hissa qo‘shgan bo‘lamiz, – dedi Shuhrat Oripov.
Erishilgan yutuq, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan xulosalar “2026-2030-yillarga mo‘ljallangan dastur”da o‘z ifodasini topdi.

– 2026-2030-yillar uchun belgilangan “Yo‘l xaritasi” bilan tanishib chiqdim. Unda biz yoshlar uchun juda keng imkoniyatlar yo‘li ochilyapti, – deydi “Navbahor” gazetasi bosh muharriri Durdona G‘afforova. – Bu bizga qo‘shimcha kuch berdi va undan unumli foydalanishga harakat qilamiz.
Yig‘ilishda 90 yoshga yetgan ustoz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Doniyor Ergashev, 75 yoshni qarshilagan “Markaziy Farg‘ona” gazetasi xodimi Abdumalik Boymatovlar qutlug‘ kunlari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining navbatdagi konferensiyasiga Farg‘ona viloyatidan delegatlar saylandi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/kEOc8SMa_kQ?si=4sHUaBA2bnesX820" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA