Peshqadamlik uchun kurash qizg‘in
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasi o‘n ikkinchi tur uchrashuvlari bo‘lib bo‘tdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasi o‘n ikkinchi tur uchrashuvlari bo‘lib bo‘tdi.
Turning markaziy uchrashuvi “Bunyodkor” (Toshkent) va “Nasaf” (Qarshi) jamoalari o‘rtasida kechdi. Hujumkor o‘tgan o‘yinda hisob ochilmadi. Samarqandda «Dinamo» klubiga qarshi maydonga tushgan Toshkentning “Paxtakor” jamoasi 0:1 hisobida g‘alabaga erishdi. Poytaxtliklarga g‘alaba keltirgan golga o‘yinning 22-daqiqasida I.Sergeyev mualliflik qildi. «Lokomotiv» (Toshkent) va «Qizilqum» (Navoiy) jamoalari o‘rtasidagi bahs «temiryo‘lchi»larning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Farg‘onaning «Neftchi» jamoasi o‘z maydonida “Olmaliq” (Olmaliq) klubi vakillarini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, joriy yilgi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rganini namoyish etishda davom etdi. Mezbonlar tarkibida D.Ermatov, A.Xolmatov, Sh.Po‘latov raqib darvozasini aniq nishonga olgan bo‘lsa, A.Omonov olmaliqliklarning yagona goliga mualliflik qildi. “Olmaliq” ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng turnir jadvalida beshinchi o‘ringa tushib ketdi.
Namanganda o‘tgan “Navbahor” va “Buxoro” (Buxoro) jamoalari o‘rtasidagi bahsda ham 3:1 hisobi qayd etildi. Muborakning “Mash’al” jamoasi “Sho‘rtan” (G‘uzor) klubiga qarshi kechgan o‘yinda 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. «So‘g‘diyona» (Jizzax) va «Andijon» (Andijon) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda andijonliklar 1:2 hisobida ustun keldi. Bekobodning «Metallurg» klubi o‘z maydonida Qo‘qonning «Qo‘qon – 1912» jamoasini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
O‘n ikki tur natijasiga ko‘ra, 28 ochko jamg‘argan «Paxtakor» jamoasi turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Undan bir ochko kam jamg‘argan «Lokomotiv» jamoasi ikkinchi, “Neftchi” klubi 26 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda.