Pedagoglarning bilim va malakasi qay darajada?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentyabrdagi qaroriga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalari pedagoglari malaka (test) sinovlaridan o‘tkazilmoqda.
Bugun Samarqand shahridagi pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida viloyatda faoliyat yuritayotgan pedagoglar uchun malaka sinovlari boshlandi.
Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, jarayonlarda ishtirok etish uchun viloyatdagi ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan pedagoglardan 19 532 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 15 453 tasi qabul qilingan bo‘lsa, 1514 tasi tizimga noto‘g‘ri yuklanganligi sababli rad etilgan. 686 tasi to‘lov amalga oshirilmaganligi uchun ko‘rib chiqilmagan.
Arizalarning 16 ming 139 tasi navbatdan tashqari, ya’ni o‘z xohishiga ko‘ra toifa imtihoniga qatnashish istagida bo‘lganlardan kelib tushgan.
[gallery-20093]
– Oliy toifa olish maqsadida o‘z xohishim bilan malaka sinovlarida ishtirok etayapman, – deydi Narpay tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi Doniyor Jo‘raqulov. – Bahorgi malaka sinovlarida ham ishtirok etgandim. Ammo natija yetarli bo‘lmagandi. Puxta hozirlik krib, navbatdagi sinovlarga tayyorgarlik ko‘rdim. Nasib bo‘lsa, bu gal albatta, yetarli natijani qayd etib, oliy toifaga ega bo‘laman.
Bugun viloyatdagi ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan informatika va axborot texnologiyalari fani pedagoglari test sinovlarini topshirishdi. Belgilangan taqvimga ko‘ra, 30-31 oktyabr kunlari matematika, fizika fanlari, 1, 2 va 4 noyabr kunlari boshlang‘ich ta’lim fani, 5-6 noyabr kunlari o‘zbek tili (Davlat tili), Ona tili va adabiyot fanlari, 7-8 noyabr kunlari kimyo, biologiya, geografiya, iqtisodiy bilim asoslari, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanlari, 9 noyabr kuni tarix, tarbiya, davlat va huquq asoslari fanlari, 11-12 noyabr kunlari fransuz tili, ingliz tili, koreys tili, nemis tili, xitoy tili, yapon tili fanlari, 13 noyabr kuni rus tili (milliy maktablarda), rus tili va adabiyoti (rus), qirg‘iz tili va adabiyoti, qozoq tili va adabiyoti, tojik tili va adabiyoti, turkman tili va adabiyoti, musiqa madaniyati fanlari, 14 noyabr kuni jismoniy tarbiya, tasviriy san’at va chizmachilik, texnologiya (servis xizmati yo‘nalishi – qiz bolalar uchun), texnologiya (texnologiya va dizayn yo‘nalishi – o‘g‘il bolalar uchun) fanlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari