«Paxtakor» durang o‘ynadi
Futbol bo‘yicha Elit Osiyo chempionlar ligasining umumiy bosqichi ikkinchi turida «Paxtakor» Saudiya Arabistonining «Al-Qodisiya» klubiga qarshi maydonga tushdi.
Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida o‘tgan uchrashuvning 35-daqiqasida Kristofer Baa chap qanotdan uzatgan to‘pni Tijjani Reynders golga aylantirdi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda mezbonlar hisobni tenglashtirishga erishdi. Akmal Mozgovoyning aniq uzatmasidan keyin Stefen Chinedu bosh bilan raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Biroq, VAR tizimi golni o‘yindan tashqari holat sabab bekor qildi.
Ikkinchi bo‘limda har ikki jamoa bir qator xavfli vaziyatlar yaratdi. Uchrashuvning 89-daqiqasida Dostonbek Hamdamov o‘zi ishlagan penaltini aniq amalga oshirib, hisobni tenglashtirdi — 1:1. Qolgan daqiqalarda hisob o‘zgarmadi va jamoalar bir ochkodan qo‘lga kiritdi.
Endi Toshkent klubi Elit Osiyo chempionlar ligasining uchinchi turida safarda Iroqning «Al-Quva Al-Javiya» jamoasi bilan kuch sinashadi. Uchrashuv 26-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Bugun esa O‘zbekistonning yana bir klubi — «Neftchi» Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» klubiga qarshi safarda maydonga tushadi. Ar-Riyod shahridagi «Al-Avval Park» stadionida o‘tadigan uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 23:15 da boshlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA