Parkent oqshomi baxshilar ohangi bilan fayzga to‘ldi
Xalq dostonlari — millatning tarixiy xotirasi, ma’naviy qiyofasi va asrlar davomida shakllangan hayotiy tajribasini o‘zida mujassam etgan bebaho meros. Ulardagi mardlik, jasorat, adolat, vafo va Vatanga muhabbat g‘oyalari avlodlarni ezgulikka chorlab, milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini mustahkamlaydi. Parkent tumanida o‘tkazilgan "Go‘ro‘g‘li dostoni avlodlar ovozida" nomli baxshilar kechasi ham ana shu ma’naviy qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratildi.
Toshkent viloyati hokimligi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Respublika baxshichilik san’ati markazi hamkorligida Parkent tumanining Kumushkon mahallasida joylashgan “Silver Valley Family Adventures” turizm dam olish maskanida tashkil etilgan tadbir xalq og‘zaki ijodining noyob namunalaridan biri bo‘lgan baxshichilik san’atini asrab-avaylash, uni yosh avlodga yetkazish va ustoz-shogird an’analarini davom ettirishga xizmat qildi.

Baxshichilik san’ati xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, orzu-intilishlari va ma’naviy dunyosini aks ettirishi bilan alohida ahamiyatga ega. Xususan, «Go‘ro‘g‘li» dostonlarida mujassam bo‘lgan qahramonlik, jasorat, sadoqat va adolat kabi g‘oyalar bugun ham o‘z tarbiyaviy qimmatini yo‘qotmagan. Shu ma’noda, bunday madaniy tadbirlar milliy merosni namoyish etish bilan birga, yoshlarda vatanparvarlik, milliy g‘urur va ma’naviy mas’uliyat tuyg‘ularini shakllantirishga ham hissa qo‘shadi.
Mamlakatimizda milliy madaniyat va san’atni rivojlantirish, xalq ijodiyoti namunalarini asrab-avaylash hamda xalqaro miqyosda targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining muntazam o‘tkazib kelinayotgani ham mazkur yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini kengaytirish, baxshichilik maktablarini qo‘llab-quvvatlash va an’anaviy ijro san’atining nufuzini oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Toshkent viloyatida ham folklor-etnografik jamoalar faoliyatini rivojlantirish, milliy qo‘shiqlar, urf-odatlar va an’anaviy ijro san’atini ommalashtirishga qaratilgan tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Bekobod tumanidagi “Nilufar” folklor guruhi negizida “Ustoz-shogird” an’analari asosida folklor maktabini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zmetkombinat” AJ tomonidan 10 milliard so‘m homiylik mablag‘i ajratilishi milliy san’atni rivojlantirish va yosh iste’dodlarni kamol toptirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.

Baxshilar kechasida ham mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan taniqli baxshilar milliy dostonlarimiz va xalq termalaridan namunalar ijro etdi. Jumladan, birinchi kunida “Go‘ro‘g‘li” dostonidan termalar tinglandi. Ikkinchi kun ham esdaqolarli taassurotlarga boy bo‘ldi. Qatnashchilar ishtirokida belgilangan mavzular va savollar asosida jonli aytishuvlar o‘tkazib, badihaviy termalar ijro etildi. Jarayonlar Respublika baxshichilik san’ati markazi vakillari va professor-olimlar tomonidan baholandi.

Yakunda Surxondaryo viloyati baxshisi Ziyodulla Ahmedov birinchi o‘rinni, Xorazm viloyatidan Rasul baxshi Abdurahmonov ikkinchi o‘rin va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan ishtirok etgan Uldaulet Sarsenbayeva esa uchinchi o‘rinni egalladi. G‘olib va sovrindorlar pul mukofotlari, diplom va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi. Shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha ishtirokchilar Toshkent viloyati hokimligi tomonidan taqdirlandi.

Qadimiy dostonlar sadosi yangragan ushbu madaniy tadbir milliy ma’naviy merosimizni asrash, xalq og‘zaki ijodiga qiziqishni oshirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va baxshichilik san’atining avlodlar osha davomiyligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
A.Musayev, O‘zA