Eng faol kitobxon yoshlar aniqlandi
Sirdaryoda yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, badiiy adabiyotga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda mutolaani yoshlar hayotining ajralmas qismiga aylantirishga qaratilgan “Mutolaa marrasi” loyihasi bo‘lib o‘tdi. Tanlov yakunida eng bilimdon va zukko ishtirokchilar aniqlanib, munosiblar taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati Yoshlar markazida viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur loyihada Guliston davlat universitetining 100 nafardan ortiq talaba-yoshlari ishtirok etishdi. Tadbir yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ma’naviy kamolotini yuksaltirish va mutolaa madaniyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Loyiha doirasida ishtirokchilar “Mutolaa” ilovasi orqali o‘zbek adabiyotining taniqli namoyandalaridan biri Abdulla Qahhorning “Adabiyot muallimi” hikoyasini birgalikda tinglashdi. Asar mazmunini diqqat bilan o‘zlashtirgan yoshlar keyingi bosqichda hikoya asosida tayyorlangan test savollariga javob berishdi. Shu tariqa ishtirokchilar nafaqat o‘z bilimlarini sinab ko‘rish, balki asarni anglash, diqqatni jamlash va tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etish imkoniga ega bo‘lishdi.

Qizg‘in va do‘stona raqobat muhitida kechgan tanlov yakunida eng yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar g‘olib deb topildi. Unga ko‘ra, birinchi o‘rinni O‘g‘uloy Nabiyeva, ikkinchi o‘rinni Shahzoda Eshpo‘latova, uchinchi o‘rinni esa Marjona Ahmadjonovalar egallashdi.
G‘oliblar viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi tomonidan “Mutolaa premium” hamda “Qizlar akademiyasi” kartalari bilan taqdirlanishdi.

Sirdaryoda o‘tkazilgan mazkur loyiha yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, ularning adabiyotga bo‘lgan mehrini oshirish va faol, bilimga chanqoq yoshlarni rag‘batlantirishga qaratilgan ezgu tashabbuslarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri