Ona tilimiz – millat ko‘zgusi
Ona tilimizni milliy ma’naviyatimizning ko‘zgusi, deb ataymiz. O‘zbek tilining qadr-qimmati, o‘zligimizning ifodasi ekani ko‘proq qaysi jihatlarda namoyon bo‘ladi? Ona tilimizning fidoyisi, zahmatkash olima, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori Zulhumor Xolmonovaga mavzu yuzasidan bir necha savollar bilan murojaat etdik.
– Bugun ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda ona tilimiz sofligi haqida qayg‘uryapti. Lekin kundalik hayotda, ayniqsa, yoshlar nutqida “so‘kinishlar”, aralash so‘zlar yoki internetda tobora urfga aylanib, ommalashib borayotgan “jargonlar” juda ko‘p. Sizningcha, tilning bunday o‘zgarishi uning tabiiy rivojlanish jarayonimi yoki chindan ham xavotir olishimiz kerak bo‘lgan inqirozmi? Tilshunos sifatida bunga qanday qaraysiz?
– Yangi O‘zbekiston xalqiga “O‘zbek tili bayrami” qutlug‘ bo‘lsin!
“Til sofligi” – nisbiy tushuncha. Bugungi kunda “o‘zbek tilining sofligini saqlash” deganda hozirgi holatini barqarorlashtirish, chet so‘zlar o‘rniga ko‘proq o‘z qatlam so‘zlarini qo‘llash, xorijiy tillarga mansub so‘zlarning yuqori sur’atlarda o‘zlashish jarayoniga hushyorlik bilan munosabatda bo‘lish tushuniladi. Tilni yoppasiga o‘zlashma so‘zlar kirib kelishidan himoyalashning asosiy omili termin va so‘zlarning saralanishi, muqobillarini topish yoki ichki imkoniyatlar asosida yasash, muqobili bo‘lmaganlarinigina qabul qilishdan iborat tizimning yo‘lga qo‘yilishidir. Bu jarayon so‘z o‘zlashtirilguniga qadar amalga oshirilishi lozim. Ba’zi hollarda, tilimizga o‘zlashib bo‘lgan so‘zlarni turkiy yoki o‘zbekcha muqobiliga almashtirish masalasini qo‘yamiz. Bunday yondashuv imkonsiz vaziyatlarni yuzaga keltiradi. Chunki so‘z o‘zlashib, til sohibining ongida tushuncha hosil qilib, semantik jihatdan ildiz otib bo‘lgandan keyin, uni boshqa birlikka almashtirib bo‘lmaydi. Til muhofazasi ongli ravishda, qat’iy tarzda, o‘zlashma so‘zlarning kirib kelishini nazorat qilish, tartibga solish, tizimlashtirish bilan amalga oshadi.
O‘tgan asrda targ‘ibot masalalari, axborotni yetkazish, milliy tafakkurni takomillashtirish va metodologiyani singdirish borasida ommaviy axborot vositalari ahamiyatli o‘ringa ega bo‘lgan. Ommaviy axborot vositalarining ma’lumotlar ko‘lami nisbatan tor bo‘lgan, nazoratga asoslangan, ommaga taqdim etiladigan har bir ma’lumot, axborotning ta’sir darajasi ham hisobga olingan.
XXI asrga kelib, ijtimoiy tarmoqlar keng doiradagi axborot tusini oldi. Dunyo internet tizimi tom ma’nodagi o‘rgimchak to‘ri sifatida insoniyatning tafakkuri, aqlu zakovatini egallab bormoqda. Ba’zi hollarda sun’iy intellektning inson ongini boshqarayotganiga ham guvoh bo‘lyapmiz. Internet tizimining insoniyat aql-zakovati mahsuli sifatida ijtimoiy-madaniy taraqqiyot, ilm-fan rivojida muhim qiymat kasb etishini e’tirof etmaslik mumkin emas. Ma’lumot, xabarlar ko‘lami, mavzu doirasi kengaydi. Ijtimoiy-siyosiy, ayrim madaniy-ma’rifiy kanallar o‘z faoliyatini tizimli ravishda olib bormoqda. Ammo ayrim saytlar, telegram guruhlarida ma’lumotlarni taqdim etishda tartibsizlik, ma’lum ma’noda, “erkinlik” amal qila boshladi. Erkinlikning ham o‘z qonun-qoidasi, chegarasi bor. Ba’zi holatlarni shunchaki erkinlik sifatida baholab bo‘lmaydi, quyushqondan chiqish holatlari uchramoqda. Kundalik hayotdagi ayrim muloqot jarayonlarida qo‘pol, dag‘al so‘zlar, so‘kinishlar, fikr almashuvlarda jargonlardan foydalanish ko‘p kuzatilmoqda. Internet tarmoqlaridagi ommaviy jalb qilish, xorij ko‘rsatuvlariga, chiqishlariga taqlid qilish ommaviy axborot vositalariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Ijtimoiy vaziyatlar, kichik doiradagi voqealar ommaviy axborot vositalarida ham yoritib borilmoqda. Ayrim ko‘rsatuvlar, radioeshitirishlarda nutq madaniyati borasida me’yoriylikdan og‘ish holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda.
Internet axborot asrining sanoqsiz vakillarini qamrab olgan adadsiz auditoriyaga aylandi. Auditoriya dars, saboq beriladigan makon sifatida inson ma’naviy kamolotida alohida o‘rin tutadi. O‘zbek tilida faol kuzatiladigan metonimiya hodisasi, ya’ni aloqadorlik asosidagi ma’no ko‘chishi natijasida auditoriyada o‘tirgan tinglovchi ham shu nom bilan yuritiladi. Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarining o‘z auditoriyasi bor, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi saytlar, kanallar, telegram guruhlarining ham. Ijtimoiy tarmoqlar ommaviy axborot vositalariga nisbatan ancha katta doirani qamrab olgan. Internet tarmoqlaridagi yozishmalarda yo‘l qo‘yilgan xatolar, qo‘pol so‘zlar, jargonlar tarmoqlardan foydalanuvchi qatlamga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan bir qatorda tildagi noadabiy birliklarga, inson ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi qatlamga ko‘proq e’tibor qaratiladi.
Internet tizimidagi ma’lumotlarni filtrlash, ayrim sub’ektiv munosabatlarning qo‘pol ifodalanish holatlariga nisbatan jarima belgilash lozim. Haqoratlash yoki shaxs nuqsonini aytishning jarimaga tortishga sabab bo‘lishi bu boradagi ko‘plab qo‘pol munosabat va fikrlarning oldini olmoqda.
Internet tarmoqlari har qachongidan ham yuqori tezlik belgisiga ega bo‘lgan, ma’lumotlarni qisqa muddatlarda tez uzatishga moslangan auditoriya hisoblanadi. Bu keng auditoriyada o‘zbek tilining rag‘batlantiruvchi, inson ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi imkoniyatlari, tilimizning jozibadorligi bilan bir qatorda fikr ifodalovchining, so‘zlovchining madaniyatini ko‘rsatuvchi omil ekanligini namoyon qilish maqsadga muvofiq. Ijtimoiy tarmoqlardan o‘zbek tili targ‘iboti, so‘zlarning ma’nosi, kundalik hayotiy ko‘nikmalar hosil qilishda zarur bo‘lgan maqollar, hikmatlarning mazmunini yetkazishda, arxaik birliklarning ma’nosini ochib berishda foydalanish to‘g‘ri bo‘ladi. Bunday yondashuvlarda yoshlar tashabbuskorligini yo‘lga qo‘yish, ularni rag‘batlantirish va tengdoshlariga ta’sir o‘tkazish mahoratlarini shakllantirish lozim.
Tilning rivojlanishi tabiiy jarayon. Lekin inson uni boshqarishi, nazorat qilishi mumkin. Ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, o‘zbek tili tarixida yozuv tizimining bir necha bor o‘zgarishi til taraqqiyotini boshqarish mumkinligiga oid dalillardir.
– Biz bayramlarda ona tilimizni dunyodagi eng boy, eng go‘zal til, deb maqtaymiz. Ammo tan olish kerak, bugun ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar va biznes tili, asosan, ingliz yoki rus tillarida. O‘zbek tilining shunchaki she’riyat va maishiy muloqot tili bo‘lib qolmasligi, balki zamonaviy dunyo bilan hamqadam yashashi uchun hozir, birinchi navbatda, nima qilishimiz kerak, deb o‘ylaysiz?
– Darhaqiqat, o‘zbek tili eng qadimiy, boy va go‘zal tildir. Shunisi ham borki, eng qadimgi davrdan hozirga qadar o‘zbek tili tarovati bor bo‘y - basti bilan saqlanib qolmadi. Ko‘plab so‘zlar hattoki shevalar doirasida ham iste’moldan chiqib ketdi. O‘zbek tilining hozirgi holati ham xavfdan xoli emas. Ona tilimizning hozirgi holati fonetik, leksik, grammatik sathlar kesimida yozma va elektron manbalarda saqlanib qolmas ekan, takror-takror qo‘llanib, ommalashtirilmas ekan, ko‘plab so‘zlar unutilib ketishi hech gap emas. Sheva so‘zlari, iboralar, xalq tilidagi maqollar korpuslarda jamlanmasa, mazkur lug‘aviy birliklar ham iste’moldan chiqishi mumkin. Negaki, adabiy til, rus va ingliz tillaridagi axborot shevalardagi muloqotga ham kirib bormoqda.
Ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar va biznes tili, asosan, ingliz yoki rus tillarida olib borilishi bor gap. Qolaversa, ingliz va rus tillarining ta’lim korpuslari, o‘quv ta’minoti, til o‘qitish dasturlari va avtomatik til o‘rgatuvchilari mavjudligi bois ham mazkur tillar dunyoning eng chekka til qatlamlariga ham kirib bormoqda. Ingliz va rus tillari terminologiyasi o‘zbek tili lug‘at sathini butunlay qamrab olmasligi uchun o‘zbekcha muqobil terminologik tizimni shakllantirishga zarurat bor. Qadimgi davrdan shu kungacha bo‘lgan ilmiy-adabiy, tarixiy yozma manbalarni o‘rganib, ijtimoiy sohalarga doir terminlarni aniqlash, muvofiqlarini rus-baynalmilal yoki ingliz-baynalmilal terminlarga muqobil sifatida qo‘llash lozim.
Internet va axborot texnologiyalari terminlari tushunchalarning o‘zi bilan birgalikda o‘zlashmoqda. Mazkur terminlarga o‘zbek tilining ichki imkoniyatlari asosida, affiksatsiya, semantik usul bilan muqobil so‘z yasash eng to‘g‘ri yo‘ldir. Bu o‘rinda turkiy tillar tajribasini ham o‘rganish zarurati bor. Turkiy tillarda, ayniqsa, turk tilida ko‘pgina zamonaviy texnologik terminologiya o‘z qatlam so‘zlari bilan nomlanadi.
O‘zbek tili millatning mavjudligini ko‘rsatadigan milliy qadriyat sifatida alohida qiymatga ega bo‘lib, milliy tafakkur va tajriba ko‘zgusi sifatida ham o‘ziga xos etnik belgilarni aks ettiradi. O‘zbek tili ilm-fan sohalariga doir barcha fikriy mahsulotlarni taqdim etadi, bilimlarning inson til xotirasida, yozma manbalarda saqlanishini ta’minlaydi. Milliy tilning nufuzi va mavqeini oshirish nafaqat muloqot vositasining, balki tafakkurni ifodalash va bilimlarni saqlash, uzatish imkoniyatining ham davomiyligini barqarorlashtirish demakdir.
Tilning taraqqiyotini belgilaydigan mezonlar davrlar osha o‘zgarib bormoqda. O‘tgan asrlarda yozma nutq me’yorlashtirilgan tilning, me’yorlashtirilgan til adabiy tilning, adabiy til esa standart tilning asosini tashkil qiluvchi mezon hisoblanib, tillarning rivojlanish darajasini belgilar edi. Bugungi kunda tilning taraqqiyoti uning raqamli tilga aylangani, kompyuter-texnologik imkoniyatlari, shu tilda yaratilgan elektron resurslarning hajmi va mazmuni bilan belgilanmoqda. Elektron resursi mavjud bo‘lmagan tillar rivojlanmagan tillar sifatida baholanmoqda.
O‘zbek tilini ona tili va xorijiy til sifatida o‘qitish jarayoni ham tilni raqamlashtirish, elektron resurslar hajmini oshirish, ta’lim korpuslarini yaratish vazifasini qo‘ymoqda. O‘zbek tilining barcha imkoniyatlarini raqamlashtirish, shevalar korpusini yaratish, o‘zbek tili, xususan, omonim, sinonim birliklar asosida kompyuter o‘yinlari ishlab chiqish milliy tilni barqarorlashtirish bilan birga uning global maqomini ham belgilab beradi. Ta’lim korpuslari, platformalarini, tezaurus ko‘rinishlarini, avtomatik o‘qitish dasturlarini yaratish o‘zbek tilining dunyo miqyosidagi nufuzini oshirish omillaridir. O‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitishda xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tarjima dasturlari, parallel korpuslarni shakllantirish, kompyuter lingvodidaktikasini takomillashtirish muhim vazifalardan hisoblanadi.
– Agar sizga ona tilimiz lug‘atidan faqat bitta so‘zni butunlay o‘chirib tashlash va o‘rniga o‘zingiz juda yaxshi ko‘rgan, lekin odamlar deyarli ishlatmay qo‘ygan bir qadimiy yoki chiroyli so‘zni muomalaga qaytarish imkoni berilsa, qaysi so‘zlarni tanlagan bo‘lardingiz?
– O‘chirib tashlash, iste’moldan chiqarish lozim, deb bilgan so‘zlarim – bular qarg‘ish, haqorat, kamsitish mazmunidagi birliklar bo‘lar edi. Afsuski, bunday so‘zlar tilimizda mavjud. Bu holat o‘zbek tilining ham boshqa tillar kabi tabiiyligini asoslaydi. Borliq, koinot, tabiat, ijtimoiy hayot, jamiyat oq va qora, ezgulik va yovuzlikdan iborat bo‘lgani kabi tilda ham ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi so‘zlar bilan bir qatorda salbiy ma’noli birliklar ham mavjud. Bundan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Til hayotning o‘zi kabi haqqoniydir, uning bor jihatini, yaxshi va yomon tomonini birdek aks ettiradi. Qizig‘i shundaki, tilda ijobiy bo‘yoqdor ko‘pgina so‘zlar iste’moldan chiqib ketgan. Salbiy ma’nodagi so‘zlarning ko‘p qismi qo‘llanib kelmoqda. Sababi shundaki, bunday so‘zlar ko‘p bora takrorlanadi, og‘izdan og‘izga o‘tib keladi. Huquqshunoslarning, huquqshunosliklik terminlariga oid izlanish olib borayotgan ba’zi tadqiqotchilarning haqorat so‘zlar lug‘atini yaratish ustida ish olib borayotganidan xavotirga tushaman. Lug‘at tuzish bunday so‘zlarning saqlanib qolishi va qo‘llanishda davom etishiga xizmat qilib qolishi mumkin, degan xavotirdaman. Shuning uchun bunday so‘zlarning lug‘atini tuzishni ma’qullamayman. Haqorat ma’nosidagi so‘zni nutq ohangi, tartibi, maqsadidan kelib chiqib aniqlash ham mumkin. Aksincha, qarg‘ash, so‘kinish mazmunidagi so‘zlarni taqiqlash, ishlatmaslik haqidagi huquqiy bandlarni kuchaytirish, takomillashtirish lozim. Bunday yondashuv ko‘plab nizolarning, jinoyatlarning oldini oladi. Bu borada ham ajdodlarimiz ibratiga tayanmog‘imiz kerak. Mahmud Koshg‘ariy “Suv ichirmasga sut ber” deb, yomonlikka yaxshilik bilan munosabatda bo‘lishni targ‘ib qiladi. Shu hikmatga amal qilgan holda, qo‘pol, dag‘al muomalaga yaxshi so‘zlar bilan javob qaytarish ham o‘zbek millatining xos belgilaridan hisoblanadi. Yoshlarimizni shunday muomalaga odatlantirishimiz zarur.
Tiklash imkoni berilganda kollega so‘zi o‘rnida “qo‘ldosh”, kompetensiya o‘rnida “uquv”, tanqidiy yondashuv o‘rnida tahliliy yondashuv birliklarini faollashtirar edim. Madaniy, milliy so‘zlari bilan birga qo‘llanmasa, insonning vafotini eslatuvchi, “undan qolgan mol-mulk” ma’nosini ifodalovchi meros birligi bilan bir qatorda ajdoddan avlodga o‘tuvchi yaxshi va yomon amallar, xulq-atvor, tafakkur mushohadalarini anglatuvchi, “Qutadg‘u bilig”dagi xos so‘zlardan bo‘lgan qumaru, samimiylik, chin dildan ko‘rsatilgan hurmatni ifodalovchi yukunmoq, doimiy harakatga undovchi qutqu so‘zlarini ommalashtirgan bo‘lar edim.
– Til rivojida, uning targ‘iboti, ommalashuvida lug‘atlarning aahamiyati katta. Hozirgi raqamli texnologiyalar asrida, odamlar ma’lumotni tezkorlik bilan internetdan qidirayotgan bir paytda, katta hajmdagi bosma yoki akademik lug‘atlarni yaratishning asosiy ahamiyati va zarurati nimada deb o‘ylaysiz?
– Kitoblar, lug‘atlarning bosma ko‘rinishlariga internet, axborot texnologiyalari asrida ham, har doimgidek, zarurat bor, deb o‘ylayman. Hozirgi kunda ko‘pgina zamondoshlarimiz kompyuterda yozib, daftar, ruchka ishlatmay qo‘ydilar. “Ruchkani ushlamaganimga bir yil bo‘libdi, arizani yozish uchungina ruchkadan foydalanyapman” deydi o‘z-o‘zidan hayratlangan kasbdoshim. Yozma matnlarni kompyuter orqali shakllantiryapmiz. Lekin qo‘lda yozilgan matn, ko‘chirilgan ma’lumot xotirada nisbatan tez va oson saqlanadi. Buni talabalarning o‘zlari ham e’tirof etishmoqda. Yozish tabiiy jarayon bo‘lib, qo‘lning miya bilan aloqadorligini asoslaydigan faoliyat hisoblanadi. Xorij tajribasidagi bir qator metodlar ham qo‘lda yozishni targ‘ib qiladi. Shuningdek, kitoblar, lug‘atlarning bosma shakli tabiiy mahsulot bo‘lib, mutolaa qilganda, undan foydalanganda tabiiy vosita sifatida qabul qilinadi va ta’sir kuchi his etiladi. Shu sababli bosma nashrlar ham kerak. Shu bilan bir qatorda kitoblar, darslik, monografiya, lug‘atlarning bosma nashri ilmiy asoslangan, bir necha bor tahrir qilingan, aniq dalillarga tayanilgan manbalar bo‘lib, ma’lumotlarni, so‘zlarni ommalashtirishga xizmat qiladi. O‘zbek tilining milliy korpusi, ta’lim korpusi, parallel korpuslar, tezauruslar uchun asosiy, ishonchli manba vazifasini ham o‘taydi. Bosma nashrlarning kompyuter texnologiyalari bilan integratsiya qilinayotganligi, ularga elektron ochqichlarning biriktirilayotgani bu borada an’anaviylikdan zamonaviylikka o‘tilayotganiga dalildir.
Kutubxonalar dunyo mo‘’jizalaridan biridir. Mirzo Ulug‘bek ham umrining oxirgi lahzalarida kitoblarini, kutubxonasini asrab qolish haqida qayg‘urgan.
Rivojlangan davlatlardagi kutubxonalar san’at darajasiga ko‘tarilgan. Kutubxonalar insoniyat madaniyatining yuksak cho‘qqisi hisoblanadi. Bu ma’rifat maskanlari o‘tda yonmasligi, suvda cho‘kmasligi kerak. Kutubxona insoniyatni ezgulikka chorlab turuvchi umumbashariy maskan. Ma’rifat maskani esa yangi nashrlar bilan to‘ldirilib, boyitib borilishi kerak. Kitob dunyoni jaholatdan qutqaradi.
– Samimiy suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi