"Parij-2024": Kamonchilarimiz katta imtihon ostonasida
Fransiyaning Parij shahrida o‘tayotgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining navbatdagi kunida ayollar futboli, regbi-7, gandbol va kamondan otish bo‘yicha dastlabki tur bellashuvlari o‘tkaziladi.
“Parij-2024” Olimpiadasining ayollar jamoalari o‘rtasidagi gandbol bahslarida 12 ta jamoa ilk o‘yinlarini o‘tkazadi.
Ayollar futbolidagi bugungi o‘yinlarda 6 ta uchrashuv tashkil etiladi. Ular orasida Ispaniya – Yaponiya, Germaniya – Avstraliya va Fransiya — Kolumbiya jamoalarining ro‘baro‘ kelayotgani millionlar o‘yini muxlislariga futbol zavqini tortiq etishi shubhasiz.
Bugun, 25 iyul kuni “Parij-2024” Olimpiadasida o‘zbek sport ixlosmandlari kamondan otish bahslarini kuzatish baxtiga muyassar bo‘lishadi.
Yozgi Olimpiya o‘yinlarining kamondan otish musobaqalarida terma jamoamiz a’zolari Ziyodaxon Abdusattorova va Amirxon Sodiqov saralash bahslarida o‘z omadlarini sinab ko‘rishadi.
Ma’lumot o‘rnida, kamondan otish bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi saralash bahslari Toshkent vaqti bilan soat 12:30 da, erkaklar o‘rtasidagi saralash musobaqalari 17:15 da boshlanadi.
Katta imtihon ostonasida turgan kamonchilarimizga Fransiya sport maydonlarida omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA