«Parij-2024» — bugun futbolchilarimiz maydonga tushadi
Avval xabar berganimizdek, «Parij-2024» Olimpiya o‘yinlarida bugun, 24 iyul kuni erkaklar o‘rtasidagi futbol bahslariga start berilsa, 25 iyul kunidan ayollar orasidagi bellashuvlar boshlanadi.
Albatta, biz uchun ahamiyatlisi erkaklar o‘rtasidagi futbol uchrashuvlaridir. Ushbu Olimpiadaning futbol musobaqasida 16 davlat terma jamoalari 4 guruhga bo‘lingan holda turnir g‘olibligi uchun kurash olib boradi. Guruh bosqichidan 1-2 o‘rinlarni egallagan terma jamoalar chorak final bosqichiga yo‘l oladi.
Guruh bahslari 24-30 iyul kunlari bo‘lib o‘tsa, chorak final bosqichi 2 avgust kuni tashkil etiladi. Yarim final uchrashuvlari 5 avgust kuni o‘tkaziladi. Bronza medal uchun o‘tadigan o‘yin 8 avgust, final bahsi esa 9 avgustda o‘tishi belgilangan.
Timur Kapadze boshchiligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi guruh bosqichining ilk turida Ispaniya termasiga qarshi ilk uchrashuvda maydonga tushadi. Toshkent vaqti bilan 18:00 da boshlanadigan o‘yin Parij shahridagi «Park de Prens» stadionida bo‘lib o‘tadi. Terma jamoamiz bugungi bahsni to‘liq oq rangli libosda o‘tkazadi. Uchrashuvni esa afrikalik hakamlar brigadasi boshqarib boradi. Bosh hakam — Beida Dahane (Mavritaniya), unga qanotlarda Jerson Santos (Angola) va Stefan Yiyembe (Keniya) yordam beradi. 4-rasmiy hakam vazifasi Dryuv Fischerga (Kanada) topshirilgan. Lahlo Benbraham (Jazoir) esa VAR'da faoliyat olib boradi.

Shuningdek, soat 18:00 da «V» guruhida Argentina – Marokash olimpiyachilari bahsi boshlanadi.Soat 20:00 da «S» guruhidagi Misr – Dominikan Respublikasi, «A» guruhidagi Gveniya – Yangi Zelandiya uchrashuvi start oladi. Oradan ikki soat o‘tib, vaqtda «V» guruhidagi Iroq va Ukraina, «D» guruhidagi Yaponiya hamda Paragvay qarama qarshiligiga guvoh bo‘lamiz. Toshkent vaqti bilan 24 iyul kunida 25 iyul kuniga o‘tar kechasi, aniqrog‘i, soat 00:00 da «A» guruhidagi Fransiya – AQSH, «D» Mali – Isroil olimpiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin boshlanadi.
Albatta, bizning xalqimiz har bir ish avvalida, oldindan yaxshi niyatlar ila reja tuzadi. Biz ham ushbu an’anaga sodiq qolgan holda katta umid va futbolchilarimizga ishongan holda guruh bosqichdan olimpiyachilarimiz guruh bosqichidan chiqsa qaysi guruh termalariga qarshi o‘yin o‘tkazishi haqida qisqacha ma’lumot berishni lozim topdik.
Agarda Timur Kapadze shogirdlari guruhdan birinchi o‘rinni egallasa, «D» guruhidagi ikkinchi o‘rindan joy olgan terma jamoa bilan raqobatlashadi. Aksincha bo‘lsa, aynan «D» guruhi g‘olibi bilan kuch sinashadi. O‘zingizga ma’lumki, «D» guruhida – Yaponiya, Paragvay, Mali, Isroil olimpiya terma jamoalari joy olgan.
Ha, futbolimiz tarixida yangi sahifa ochgan olimpiya terma jamoamiz o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘ygan va ushbu maqsad ro‘yobini katta hayajon bilan kuzatamiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA