Paraosiyo o‘yinlari: O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdorlari ma’lum bo‘ldi
V yozgi Paraosiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida parataekvondo bo‘yicha Olimpiya chempioni Asadbek Toshtemirov hamda paravelosport bo‘yicha jahon chempioni Marjona Pardaboyeva O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdorlari bo‘ladi.
Hamyurtlarimiz mamlakatimiz bayrog‘ini ko‘tarib, nufuzli musobaqaning ochilish marosimida O‘zbekiston delegatsiyasini boshlab chiqadi.
Ma’lumot uchun, Yaponiyaning Aichi prefekturasi va Nagoya shahrida V Paraosiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Unda qit’aning 45 ta mamlakati vakillari 18 ta sport turi bo‘yicha bahs olib boradi.
Ayni damda Yaponiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston delegatsiyasi musobaqada 11 ta sport turi bo‘yicha bahslashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA