Gandbol: O‘zbekiston jamoasi “IHF Nations Trophy” turniri g‘olibi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” o‘yin sport turlari majmuasida gandbol bo‘yicha ayollar jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan “IHF Nations Trophy” xalqaro musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatga erishdi.
O‘zbekiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Pokiston va Tojikiston terma jamoalari qatnashgan turnirda hamyurtlarimiz deyarli barcha uchrashuvlarda raqiblarini mag‘lub etdi.
Kecha “IHF Nations Trophy” turnirining hal qiluvchi bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi finalda Turkmaniston bilan, 3-o‘rin uchun kechgan o‘yinda Pokiston Qirg‘iziston jamoasi bilan to‘qnash keldi.

Qiziqarli kechgan o‘yinda pokistonliklar Qirg‘iziston jamoasini 33:23 hisobida yengib, bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, O‘zbekiston jamoasi turkmanistonlik gandbolchi qizlarni 21:16 hisobida taslim etib, xalqaro turnirning oltin medallariga ega chiqdi.
Ushbu muvaffaqiyat jamoaviy birdamlik, fidoyilik va g‘alabaga bo‘lgan intilishning yorqin namunasi bo‘ldi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA