Korporativ sportni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
Sport vazirligida mamlakatimizda korporativ sportni tizimli rivojlantirish, korxona va tashkilotlar xodimlarini ommaviy sportga jalb etish hamda O‘zbekiston korporativ sport assotsiatsiyasi faoliyatining istiqbolli yo‘nalishlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimotda korporativ sport klublarini shakllantirish, xodimlar o‘rtasida muntazam sport mashg‘ulotlari va musobaqalarini tashkil etish, shuningdek, kompaniyalarning sport sohasidagi faolligini baholash va rag‘batlantirish mexanizmlari haqida ma’lumot berildi.

Muhokamalar jarayonida kelgusida tashkil etilishi rejalashtirilgan korporativ futbol va mini-futbol ligasi, O‘zbekiston korporativ olimpiadasi hamda “Tashkent Corporate Padel Open” xalqaro turnirini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda korporativ sportni boshqarish va muvofiqlashtirish jarayonlarini raqamlashtirish masalalari tahlil qilinib, joriy yilning 24-oktabr kuni Jizzax shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston korporativ kibersport kubogiga tayyorgarlik holati xususida mutaxassislar axboroti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, assotsiatsiyaning raqamli platformasini yaratish, korporativ sport klublari reyestrini yuritish, kompaniyalarning sport reytingini joriy etish, ixtiyoriy sertifikatlash tizimini shakllantirish hamda musobaqalar natijalarini elektron hisobga olish bugungi kunning eng muhim vazifasi hisoblanadi.
Muhokama va tahlillar natijasida belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar yuklandi
T. Ro‘ziyev, O‘zA