Pandemiyadan keyingi iqtisodiyot: global inflyatsiya va yangi iqtisodiy modellar
Ma’lumki, COVID-19 pandemiyasi sabab jahon iqtisodiyoti chuqur inqiroz davrini boshdan kechirdi. Sohaning ichki mexanizmlari tubdan o‘zgardi. Global iqtisodiy tizim hamon avvalgi holatiga qaytmagan. Aksincha, yangi muammolar yuzaga chiqib, shu bilan birga muayyan imkoniyatlar ham paydo bo‘lmoqda. Inflyatsiya keskin kuchayishi, ta’minot zanjiri uzilishi, moliyaviy siyosat o‘zgarishi jahon iqtisodiyoti navbatdagi bosqichga o‘tganini ko‘rsatmoqda.
So‘nggi yillarda xalqaro moliyaviy institutlar, iqtisodiy tahlil markazlari tomonidan e’lon qilingan hisobotlarda pandemiyadan keyingi iqtisodiyot “o‘tish davri” sifatida baholanmoqda. Bu davrda davlatlar inflyatsiya bosimi, iqtisodiy o‘sish sur’ati sekinlashuvi va global bozordagi noaniqlik orasidagi muvozanatni izlayapti. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bugungi inflyatsiya faqat ichki omillar emas, balki global jarayon – energiya narxi, geosiyosiy ziddiyat va logistika muammosi bilan ham bog‘liq.
Hozir jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan eng muhim tendensiyalardan biri talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosiblikdir. Lokdaun davrida ishlab chiqarish qisqardi, iqtisodiyot tiklangach esa talab darhol ortdi. Bu holat mahsulot va xizmat narxi ko‘tarilishiga olib keldi. Ayniqsa, energiya resursi va oziq-ovqat bozoridagi vaziyat inflyatsiyaniyanada kuchaytirdi.
Markaziy banklar tomonidan olib borilgan keng ko‘lamli rag‘batlantiruvchi siyosat ham jarayonga ta’sir ko‘rsatdi. Pandemiya davrida iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun mislsiz miqdordagi pul muomalaga chiqarildi, foiz stavkasi sezilarli pasaytirildi. Natijada iqtisodiy faollik tiklangan payt inflyatsiya bosii kuchaydi. Bugungi kunda juda ko‘p davlatlar aynan shu siyosat oqibatini bartaraf etishga harakat qilyapti.
Geosiyosiy omillar ham pandemiyadan keyingi inflyatsiyani chuqurlashtirdi. Ayrim mintaqalardagi mojaro, sanksiya va savdo cheklovi global bozor barqarorligini izdan chiqardi. Xususan, energiya va xom ashyo bozoridagi o‘zgaruvchanlik ishlab chiqarish xarajatini oshirdi. Oxir-oqibat iste’molchi uchun narx ko‘tarildi. Shu nuqtai nazardan inflyatsiyani nafaqat iqtisodiy, balki geosiyosiy fenomen sifatida ham baholash mumkin.
Ayni payt ta’minot zanjirini qayta shakllantirish jarayoni ham jahon iqtisodiyotida muhim o‘zgarishlarni keltirib chiqarmoqda. Pandemiya davrida yuzaga kelgan uzilish davlatlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, ya’ni “reshoring” va “nearshoring” strategiyasini qo‘llashga undadi. Bu esa globallashuvning an’anaviy modeliga qayta nazar tashlashni taqozo etmoqda. Bu jarayonni ayrim ekspertlar “de-globallashuv” deya baholasa, boshqalar “qayta formatlash” sifatida ko‘rmoqda.
Mehnat bozoridagi o‘zgarish ham inflyatsiya va iqtisodiy modelga ta’sir ko‘rsatmoqda. Pandemiyadan keyin ko‘plab sohalarda ishchi kuchiga talab oshdi, ayrim tarmoqlarda malakali kadrlar tanqisligi kuzatildi. Ayni holat ish haqi oshishiga olib keldi va o‘z navbatida inflyatsiya bosimini kuchaytirdi. Shu tariqa iqtisodiy jarayonda inson kapitali o‘ta muhim omilga aylandi.
Yana bir muhim jihat – raqamli iqtisodiyot tez sur’atda rivojlanishi. Pandemiya onlayn xizmat, elektron savdo va raqamli moliya texnologiyasi ommalashuvini jadallashtirdi. Natijada iqtisodiy modellar transformatsiyalashdi. Afsuski, raqamlashuv yangi muammolar, jumladan kiber xavfsizlik va raqamli tengsizlik masalasini keltirib chiqardi.
Shunday qilib, pandemiyadan keyingi davrda global iqtisodiyot murakkab va ko‘p qirrali jarayon ta’sirida shakllanmoqda. Inflyatsiya, geosiyosiy xavf, ta’minot zanjiri va raqamli transformatsiya kabi omillar yangi iqtisodiy shart-sharoitni belgilamoqda.
Pandemiyadan keyingi iqtisodiyotda yuzaga kelgan yana bir muhim tendensiya – pul-kredit siyosati keskin qayta ko‘rib chiqilishi bilan bog‘liq. Markaziy banklar inflyatsiyani jilovlash maqsadida foiz stavkasini oshirishga majbur bo‘ldi. Oqibatda kredit resurslari qimmatlashdi, investitsiya faolligi pasaydi, ayrim davlatlarda iqtisodiy o‘sish sur’ati sekinlashdi. Mutaxassislar bu jarayonni “inflyatsiyaga qarshi kurash va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi murakkab muvozanat” sifatida baholamoqda.
Shu bilan birga davlat byudjeti siyosati ham yangi sharoitga moslashmoqda. Pandemiya davrida keskin oshgan davlat qarzi ko‘plab mamlakatlar uchun moliyaviy barqarorlik masalasini dolzarblashtirdi. Ayniqsa, rivojlanayotgan iqtisodiyotlar tashqi qarz yuki ortishi tufayli jiddiy bosim his qilmoqda. Ayni holat ushbu davlatlarni byudjet xarajatini optimallashtirish, soliq bazasini kengaytirish va iqtisodiy samaradorlikni oshirishga undamoqda.
Bundan tashqari global iqtisodiyotda yangi iqtisodiy modellar izlanishi ham kuchaymoqda. Ayrim davlatlar an’anaviy erkin bozor tamoyilidan qisman chekinib, davlat ishtirokini kuchaytirishga intilmoqda. Strategik tarmoqda subsidiya, sanoat siyosatini qo‘llab-quvvatlash va milliy ishlab chiqarishni muhofaza qilish kabi choralar keng qo‘llanmoqda. Bu “davlat kapitalizmi” elementlari qayta tiklanishi haqidagi bahsni kuchaytirmoqda.
Shu o‘rinda “yashil iqtisodiyot” konsepsiyasi ham pandemiyadan keyingi rivojlanish strategiyasi markaziga chiqdi. Ko‘plab davlatlar iqtisodiy tiklanishni ekologik barqarorlik bilan uyg‘unlashtirishga harakat qilmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari, uglerod chiqindisini kamaytirish va ekologiya texnologiyasiga sarmoya kiritish global iqtisodiyotning yangi, ustuvor yo‘nalishiga aylanmoqda. Binobarin, bu jarayon ham qo‘shimcha xarajat, rivojlanayotgan davlatlar uchun ortiqcha moliyaviy yuk kabi qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Ekspertlar ta’kidlashicha, pandemiyadan keyingi iqtisodiyotda globallashuv shakli ham o‘zgarmoqda. Avvalgi erkin savdo va ochiq bozorga asoslangan uslub o‘rnini mintaqaviy hamkorlik, strategik alyanslar va iqtisodiy bloklar egallamoqda. Bu jarayon xalqaro savdo yo‘nalishlarini qayta shakllantirib, yangi iqtisodiy markazlar paydo bo‘lishiga turtki bermoqda.
Shu bilan birga innovatsiya va texnologiya iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveriga aylanmoqda. Sun’iy intellekt, avtomatlashtirish va raqamli platformalar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bilan birga, yangi biznes modellarini shakllantirmoqda.Bunday o‘zgarishlar esa mehnat bozoriga bosim o‘tkazib, ayrim kasblar yo‘qolishi, yangi ko‘nikmalarga talab ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Mutaxassislar fikricha, kelajakdagi iqtisodiy barqarorlik davlatlarning ushbu murakkab omillarga qanchalik tez va samarali moslasha olishiga bog‘liq. Inflyatsiyani nazorat qilish, investitsiya muhitini yaxshilash, innovatsiyani qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy tenglikni ta’minlash – bugungi kunning asosiy vazifasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Xulosa qilib aytganda, pandemiyadan keyingi yillar global iqtisodiyot uchun sinov va imkoniyat davriga aylandi. Inflyatsiya bosimi, moliyaviy cheklov va geosiyosiy xavf sharoitida davlatlar yangi iqtisodiy modelni izlashga majbur bo‘lmoqda. Bu model faqat iqtisodiy samaradorlik emas, balki barqarorlik, innovatsiya va ijtimoiy adolat tamoyiliga ham tayanishni taqozo etadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA