“O‘zmilliybank” AJ loyihalari Samarqand taraqqiyotiga xizmat qilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, investitsiya muhitini yanada yaxshilash hamda ishbilarmonlik faoliyatini har tomonlama rag‘batlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda soha vakillari uchun yaratilgan tizimli imkoniyatlar, soliq va bojxona imtiyozlari, ma’muriy to‘siqlarning qisqartirilishi iqtisodiy barqarorlikning mustahkam tamal toshiga aylandi.
Mazkur islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida davlat rahbari va tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ochiq muloqot tizimi yo‘lga qo‘yildi. Mana shunday samimiy va konstruktiv muloqot ruhining amaliy ifodasi sifatida har yili avgust oyida mamlakatimizda tadbirkorlar kuni keng nishonlanib, soha faollari munosib rag‘batlantirilmoqda.

Bu galgi manzil sifatida qadimiy va hamisha navqiron Samarqand viloyati tanlandi. Ushbu viloyatda o‘tkazilgan press-tur doirasida jurnalistlar moliyaviy muassasa tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanayotgan sanoat, eksport, xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy sohadagi yirik investitsiya loyihalari, shuningdek, navqiron avlod vakillarining istiqbolli tashabbuslari bilan yaqindan tanishdilar.

Press-turning dastlabki qismida OAV vakillariga davlatimiz rahbarining 2025-yil 14-fevraldagi qarori asosida hayotga izchil tadbiq etilayotgan “Kelajakka qadam” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi. Yoshlarning bandligini ta’minlash va ularni biznesga keng jalb etishga qaratilgan ushbu dastur doirasida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining biznes loyihalari yillik 15 foizli imtiyozli kreditlar orqali moliyalashtirilmoqda.

Samarqand viloyatida bu borada sezilarli natijalarga erishildi. Xususan, 2025-yilning o‘zida viloyatda 251 nafar yosh mutaxassisga umumiy qiymati 12 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari ajratilib, buning evaziga 500 nafardan ortiq yigit-qizning o‘zini o‘zi band qilishi ta’minlandi. Bundan tashqari, bank bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan yetakchi korxonalarga 2 mingdan ziyod OTM bitiruvchilari doimiy ish o‘rinlariga qabul qilindi. Bunday xayrli va istiqbolli tashabbuslar joriy yilda ham yangi sur’atda davom ettirilmoqda.

2026-yilga kelib mazkur dastur doirasida o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan va kengaytirgan yoshlar soni 600 nafardan ortib ketdi. Belgilangan rejalarga muvofiq joriy yil yakuniga qadar yana 60 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, buning natijasida qo‘shimcha 2 mingta yangi va doimiy ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Bu esa hududda ishsizlik darajasini kamaytirish va yoshlar intellektual hamda tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Media-tur davomida ishtirokchilar “Kelajakka qadam” dasturi doirasida moliyalashtirilib, bugungi kunda nafaqat tadbirkorlik, balki muhim ijtimoiy vazifalarni ham bajarayotgan qator ob’ektlar faoliyati bilan tanishdi. Xususan, aholiga yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan “Ganiev Medical” xususiy klinikasi, Pastdarg‘om tumanida zamonaviy servis namunasini ko‘rsatayotgan “Juma Boutique Cafe”, shuningdek, Jomboy tumanida yoshlarning bilim olishi va kasb-hunar egallashiga xizmat qilayotgan “Asr” o‘quv markazi hamda “A1” avtomaktabi shular jumlasidandir.

Bankning imtiyozli kreditlari ko‘magida faoliyat boshlagan mazkur muassasalar bugungi kunda Samarqand ahli va mehmonlari uchun yuqori sifatli tibbiyot, ta’lim va maishiy xizmatlarni ko‘rsatish barobarida, o‘nlab mahalliy aholi vakillari uchun barqaror daromad manbai — yangi ish o‘rinlarini yaratib berdi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki mazkur press-tur davomida taqdim etilgan ko‘rsatkichlar va amaliy natijalar Samarqand viloyatida davlat tomonidan ilgari surilayotgan dasturlar, tijorat banklarining moliyaviy ko‘magi va xususiy sektorning faolligi bir nuqtada birlashib, yuqori iqtisodiy samara berayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
“O‘zmilliybank” AJ nafaqat moliyaviy operator, balki yurtimizda tadbirkorlik ekotizimini shakllantiruvchi, yoshlarni qo‘llab-quvvatlovchi va ijtimoiy loyihalarni hayotga tadbiq etuvchi ishonchli hamkorga aylandi. Bank tomonidan tizimli ravishda amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli loyihalar hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish, aholi bandligi va farovonligini ta’minlash hamda mamlakatimizni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati