Narxlarni sun’iy oshirgan dorixonalarga nisbatan nazorat kuchaytirildi
2026-yilning ikkinchi choragi davomida Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash va farminspeksiya boshqarmasi tomonidan dori vositalari narxlarini qonunchilikda belgilangan tartibdan yuqori qo‘llaganligi sababli bir qator xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga tegishli dorixonalarning farmatsevtika faoliyati uchun berilgan litsenziyalari bekor qilingan. Xususan, "FARM EFFEKT", "PHARMA BREND", "GIPOFIZ FARM", "THE GREAT FARM", "MEDEX GROUP PHARM" MCHJlar hamda "MAXSUDBEK BIZNES" XK litsenziyalari bekor qilingan.
Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishda davlat tomonidan belgilangan narxlarni shakllantirish tartibiga rioya etmaslik farmatsevtika faoliyati uchun berilgan litsenziyaning talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi. Bunday holatlar qonunchilikka muvofiq ma’muriy hamda litsenziyaga oid javobgarlik choralarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi. shu bois, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi fuqarolarni dori vositalarini xarid qilishda narxlarga e’tiborli bo‘lishga, belgilangan tartib buzilgan holatlar aniqlanganda esa vakolatli organlarga murojaat qilishga chaqiradi.
Shuningdek, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va Markaz tomonidan farmatsevtika bozorida dori vositalarining belgilangan narxlarda sotilishini ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan tizimli nazorat ishlari davom ettirilmoqda.
Dori vositalariga davlat tomonidan belgilangan cheklangan savdo ustamalarini oshirib qo‘llash holatlarini aniqlash maqsadida Soliq organlari axborot tizimlari hamda Qo‘mitaning "Fair Tech" yagona axborot tizimi o‘rtasida o‘zaro axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur tizim orqali 2026-yilning ikkinchi choragi davomida kelib tushgan ma’lumotlar asosida 237 ta dorixonada 148 810 ta holatda dori vositalariga belgilangan ustamalar asossiz ravishda oshirilgani aniqlandi.
Natijada iste’molchilardan 1,9 milliard so‘m miqdorida asossiz olingan mablag‘lar qayta hisob-kitob qilinib, iste’molchilar manfaatlarini tiklash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA