O‘z oshyoning – Vatan!
Ozarbayjon poytaxti Bokuda bo‘lib o‘tgan Butunjahon urbanizatsiya forumi 13-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi. Ushbu anjumanning ahamiyatini davlatimiz rahbari shunday ifodaladi:
– Kun tartibiga qo‘yilgan “Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar” masalasi bugun har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Tahlillarga ko‘ra, XXI asr o‘rtalariga borib, sayyoramiz aholisining qariyb 70 foizi shaharlarda istiqomat qiladi. Ayni payt urbanizatsiya jarayoni qator ijtimoiy muammolarni ham kuchaytirmoqda.
Prezidentimiz an’anaga muvofiq bir qator aniq tashabbuslarni ham ilgari surdi:
Birinchidan, barcha hududlarda aholi uchun teng yashash sharoiti yaratish kichik va o‘rta shaharlarni uyg‘un rivojlantirishni talab qilmoqda.
Shu sababli hamkor davlatlarni shaharlarni rivojlantirishda “mutanosib urbanizatsiya” tamoyilini keng joriy etishga chaqiraman.
Ikkinchidan, shahar boshqaruvida sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya imkoniyatidan barcha davlatlar teng foydalana olishi zarur.
Ushbu sohada texnologiya, standart va tajribani tizimli almashishga qaratilgan xalqaro “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tuzishni taklif qilaman.
Uchinchidan, yoshlar va aholining ehtiyojmand qatlamini sifatli hamda arzon uy-joy bilan ta’minlash juda muhim.
Shu maqsadda kelgusi yili Samarqand shahrida uy-joy qurilishiga moliya va investitsiya jalb etishga yangicha yondashuvlar yuzasidan xalqaro forum o‘tkazishga tayyormiz.
To‘rtinchidan, global iqlim o‘zgarishini inobatga olgan holda, “yashil shaharlar” barpo etishning umumiy tamoyillari va standartini qabul qilish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shaharlar tabiat bilan uyg‘un rivojlanishini rag‘batlantirish maqsadida BMT-Habitatning “Yashil shahar” xalqaro mukofotini ta’sis etishni taklif qilaman.
Beshinchidan, urbanizatsiya darajasi o‘sishi shaharlardagi o‘zini o‘zi boshqarishning an’anaviy tuzilmalari rolini yanada oshirmoqda.
Shu munosabat bilan Butunjahon urbanizatsiya forumi 15-sessiyasini 2030-yil Yangi Toshkent shahrida o‘tkazish va anjumanning bosh mavzusini “Shaharlar barqaror rivojlanishida mahalla institutining o‘rni” deb nomlashni taklif etaman.
Darhaqiqat uy-joy masalasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar samarasi yurtimiz bo‘ylab yangi-yangi uylar barpo etilishi, shaharsozlik rivojlanishida namoyon.
Prezidentimiz O‘zbekistonda urbanizatsiya strategik yo‘nalish sifatida belgilanganini ta’kidlab, yaqin yillarda mamlakat aholisi 50 millionga yaqinlashishi, urbanizatsiya darajasi 65 foizga yetishi mumkinligini qayd etdi.
So‘nggi o‘n yilda mamlakatimizda qurilayotgan uy-joy hajmi 10 karra oshgan. O‘tgan yil 238 000 xonadon qurilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, 2030-yilga kelib bu ko‘rsatkich 1,5 barobar oshiriladi. Arzon uy-joy dasturlariga har yili qariyb 2 milliard dollar ajratilmoqda.
“Yangi Toshkent” loyihasiga ham alohida to‘xtalib o‘tgan davlat rahbari Ikki million aholiga mo‘ljallangan yangi shahar “yashil”, “aqlli”, “xavfsiz” va “15 daqiqali shahar” tamoyillari asosida qurilayotganini ma’lum qildi.
Ozarbayjon forumi doirasida ochilgan xalqaro ko‘rgazmada o‘ziga xos milliy rang va jilo kasb etgan O‘zbekiston bo‘limi ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirdi.
Dunja Kovari, Shveysariyadagi shaharsozlik, dizayn va arxitektura agentligi – SA Partners ta’sischi hamkori:
– Bir necha hafta oldin go‘zal O‘zbekistonga tashrif buyurish sharafiga muyassar bo‘ldik. Hozir esa Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon shaharsozlik forumidagi O‘zbekiston pavilonida turibman. Aytishim kerak, bu namoyish mamlakat barqaror rivojlanishiga, barchamiz uchun muhim vazifa hisoblangan shaharlar transformatsiyasiga haqiqatan katta hissa qo‘shish salohiyati, istagi hamda rag‘batini ko‘rsatib turibdi.
Oqil Valizoda, Bokudagi Davlat shaharsozlik va arxitektura qo‘mitasi vakili:
– Avvalo, O‘zbekistondan tashrif buyurgan birodarlarimizga, bizni kuzatib borayotgan barcha aka-uka, opa-singillarimizga salom yo‘llayman. Hozir O‘zbekiston stendi oldida turibman. Hammasi ajoyib. Umuman, Butunjahon shaharsozlik forumi 13-sessiyasi doirasida namoyishga qo‘yilgan taqdimotlarga qiziqish yuqori. Men ham ko‘plab loyihalar bilan tanishdim. Janob Prezident Shavkat Mirziyoyev juda sermazmun nutq so‘zladilar. Xudo xohlasa, 2030-yil O‘zbekistonda o‘tkazish rejalashtirilayotgan xuddi shunday tadbirda ishtirok etishni niyat qildim. Qardosh mamlakat vakillariga ushbu go‘zal tadbirdagi ajoyib ishtirok uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman.
Ha, O‘zbekiston oxirgi 10 yilda shaharsozlik bo‘yicha yaxshigina tajriba to‘pladi. Demak, kelajakda har kimning o‘z uyi, oshyoni bo‘ladi.
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA