Oziq-ovqat xavfsizligi barqaror qishloq xo‘jaligiga bog‘liq
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida "Oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror qishloq xo‘jaligi: resurstejamkor texnologiyalar, yashil iqtisodiyot, aqlli qishloq xo‘jaligi va agroturizmni rivojlantirish yo‘llari" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda "Iqtisodiy o‘sish va inson kapitalini rivojlantirish uchun ta’limning innovatsion shakllari" mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi.
Anjumanda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, qishloq xo‘jaligi vazirligi, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ullari, Tojikiston Respublikasidan tashrif buyurgan mehmonlar, shuningdek, Latviya va Slovakiya elchixonalari vakillari hamda Erasmus+ Milliy ofisi menejeri kabi xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

– Bugungi tadbir ikki qismdan iborat. Birinchisi, O‘zbekiston, Tojikiston, Slovakiya, Latviya universitetlari bilan hamkorlikda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda “Ochiq universitet” loyihasining yakunlovchi forumi bo‘lib o‘tmoqda, – dedi Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti rektori, professor Shavkat Hasanov. – Mana shu yo‘nalishda oziq-ovqat sifatini tahlil qilish, kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan loyiha ochiq universitet tamoyili asosida olib borilmoqda. Bunda talabgorlar yoshidan, masofasidan qat’i nazar, ishlab chiqarishdan uzilmagan holda darslar, ochiq modullar yoki ochiq kurslarda ishtirok etishi mumkin. Bu O‘zbekiston tarixi, ilm-fan va oziq-ovqat sohasi uchun yangilik hisoblanadi. Ikkinchisi, barqaror qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib, globallashuv sharoitida xavfsiz ishlab chiqarishni yaratishda toksinlardan xoli, talablarga javob beradigan organik mahsulotni ichki bozorimizga chiqarishda mutaxassislarni tayyorlash haqida muhokamalar bo‘lib o‘tadi.

Anjumanda loyiha koordinatori Irina Kulitane OFINU (Oziq-ovqat innovatsiyalari bo‘yicha ochiq universitet) loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berdi.
– Mazkur tashabbus ta’lim va ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlab, ilg‘or xorijiy tajribalarni yoshlar va soha mutaxassislariga yetkazishda keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda, – dedi Irina Kulitane. – Bu iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning global integratsiya jarayonlaridagi faolligini oshirish hamda korporativ innovatsion hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Xususan, yosh tadqiqotchilarning innovatsion g‘oyalari va amaliy ishlanmalarini baholab, rag‘batlantirish tadbirning eng muhim bosqichlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Xalqaro konferensiyada oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligini iqtisodiy baholash, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi, tuproq unumdorligini oshirish hamda resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish kabi masalalar muhokama qilindi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri