O‘zgarishlar ko‘chalardan boshlanadi
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholiga qulay va xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan ishlar davom etmoqda.
Mazkur yondashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi ““Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar bilan hamohangdir. Hujjatda mahalla infratuzilmasini takomillashtirishga 20 trillion so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
[gallery-31258]
Muhimi, davlat dasturlarida belgilanayotgan vazifalarning hayotdagi natijasi avvalo mahalla ko‘chalari, yo‘laklar, obod hududlar va aholi uchun yaratilayotgan qulayliklarda namoyon bo‘ladi. Arnasoydagi ishlar ham ana shu ezgu maqsadning bir bo‘lagi sifatida aholi turmushiga yaqinligi bilan ahamiyatlidir.
Tumanda amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish jarayonida tuman hokimi Odil Musanov qurilish va obodonlashtirish ishlarining sifatiga alohida e’tibor qaratdi. Obyektlarni belgilangan talablar asosida barpo etish, har bir ishning pirovard natijasi aholi manfaatlariga xizmat qilishi va jarayonni nazoratga olish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Zero, obodlikning qiymati uning ko‘rkamligi bilangina emas, odamlarga yaratgan qulayligi bilan ham o‘lchanadi. Mustahkam yo‘lak, tartibli hudud, puxta tashkil etilgan infratuzilma — bularning barchasi mahalladagi hayot sifatiga ta’sir etuvchi muhim omillardir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari