“O‘zbekneftgaz” AJ stendi “Baku Energy Week-2026”da maxsus nominatsiyaga sazovor bo‘ldi
Bu haqda jamiyat axborot xizmati xabar berdi. Unda qayd etilishicha, Boku shahrida o‘tkazilayotgan “Baku Energy Week - 2026” xalqaro energetika haftaligi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ o‘z stendi bilan faol ishtirok etib, mehmonlar va ishtirokchilarning e’tiborini tortdi.
Uch kun davomida ham stendga tashrif buyuruvchilar soni yuqori darajada saqlanib qoldi. Mehmonlar kompaniyaning neft-gaz qazib chiqarish sohasida amalga oshirilayotgan loyihalari, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari, investitsiya dasturlari hamda kadrlar salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, soha mutaxassislari, investorlar va yosh kadrlar bilan o‘tkazilgan muloqotlar davomida istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashildi hamda hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
E’tiborlisi, faol va samarali ishtiroki uchun “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati “BakuEnergy Week - 2026” tashkilotchilari tomonidan maxsus nominatsiya bilan taqdirlandi.
Eslatib o‘tamiz, “Baku Energy Week-2026” bugun o‘z ishini yakunlaydi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA