O‘zbekistonning strategik evolyutsiyasi: harakatlardan Milliy yuksalishga
2017-yildan 2026-yilgacha bo‘lgan o‘n yil O‘zbekiston tarixida oddiy davr emas. Bu mamlakatning yopiqlikdan ochiqlikka, ma’muriy bosimdan muloqotga, tarmoq rejalaridan natijador va raqamli boshqaruvga o‘tgan tarixiy transformatsiya yillaridir.
Prezident saylovlaridan keyin qabul qilingan strategik hujjatlar izchil almashinib, davlat va jamiyat boshqaruvining yangi falsafasini shakllantirdi. Bugungi kunda biz “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining yangilangan tahriri va “Milliy yuksalish davri” deb e’lon qilingan 7 ta umummilliy dastur oldida turibmiz. Ushbu yo‘l qanday bosib o‘tildi va nima uchun u o‘ziga xos hisoblanadi?
Birinchi qadam: Harakatlar strategiyasi — poydevor
2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-son Farmon bilan tasdiqlangan Harakatlar strategiyasi (2017–2021) beshta ustuvor yo‘nalishni qamrab oldi. Uning asosiy shiori oddiy, ammo chuqur edi: “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”.
Bu davrda Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxona institutlari yaratildi. Millionlab murojaatlar ko‘rib chiqildi. Davlat boshqaruvi va sud tizimida yuzlab yangi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. 2017-yilgi Davlat dasturining o‘zidagina 37,7 trillion so‘m va 8,3 milliard dollarlik chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu — ochiqlikka yuz burish, fuqarolarning ovozini eshitish va byurokratik to‘siqlarni kamaytirish borasidagi tarixiy poydevor edi.
Strategiyaning ijrosi maxsus komissiyalar va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan muvofiqlashtirildi. Natijada davlat apparati xalqqa yaqinlashdi, elektron hukumat elementlari joriy etila boshladi.
Ikkinchi bosqich: Taraqqiyot strategiyasi — kengayish va chuqurlashish
2021-yilgi saylovdan so‘ng 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmon bilan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi (2022–2026) qabul qilindi. Yo‘nalishlar soni beshtadan yettitaga ko‘paydi. Ilk bor “100 ta aniq maqsad” tizimi joriy etildi.
Yangiliklar aniq edi. Milliy o‘zlikni anglash va ma’naviyat alohida blokka ajratildi. Global iqlim o‘zgarishi, Orol fojiasi, pandemiya va mehnat migratsiyasi kabi umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqib yondashish alohida yo‘nalish sifatida belgilandi. Dastur doirasida 55 milliard dollarlik loyihalar nazarda tutildi.
Bu bosqichda “mahallabay” tizimga o‘tish, “mahalla beshligi”ning shakllanishi, davlat fuqarolik xizmatining qonuniy asoslarini mustahkamlash va “Vacancy.argos.uz” portali orqali ochiq tanlovlar tizimi ishga tushirildi. 100 mingdan ortiq kadrlar ochiq tanlov asosida ishga qabul qilindi. Davlat boshqaruvi ixchamlashtirildi, vazirlik va idoralar soni maqbullashtirildi.
Uchinchi bosqich: “O‘zbekiston—2030” — miqdoriy aniqlik va raqamli nazorat
2023-yilgi yangilangan Konstitutsiya va muddatidan ilgari Prezident saylovidan so‘ng PF-158-son Farmon va PQ-300-son qaror bilan “O‘zbekiston—2030” strategiyasi tasdiqlandi. Yo‘nalishlar yana beshtaga jamlandi, ammo 100 ta maqsad va 400 dan ortiq miqdoriy indikatorlar saqlab qolindi. Asosiy e’tibor inson kapitaliga — ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoyaga qaratildi (44 ta maqsad).
2026-yil 16-fevraldagi PF-21-son Farmon bilan Strategiyaning 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan yangi tahriri qabul qilindi. KPI soni 437 taga yetkazildi, har bir ko‘rsatkich yillar kesimida belgilandi. Monitoring to‘liq raqamlashtirildi: “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalari orqali rahbarlarning shaxsiy javobgarligi qat’iy belgilandi. Bosh vazir raisligidagi Respublika komissiyasi tuzildi. 73 ta konsepsiya va 33 ta strategiya qayta ko‘rib chiqilib, yagona maqsadlarga uyg‘unlashtirildi.
Moliyaviy qamrov ham katta: 252 milliard dollarlik maqsadli manbalar belgilandi. Mahalla infratuzilmasiga 24 trillion so‘m, “Tashabbusli byudjet”ga yillik 10 trillion so‘m ajratilmoqda. Elektron davlat xizmatlarini 90 foizga yetkazish, BMTning Elektron hukumat reytingida TOP-30 ga kirish, hokimlar qarorlarini “E-qaror” tizimida qabul qilish kabi aniq maqsadlar qo‘yildi.
To‘rtinchi bosqich: Milliy yuksalish — mahalla bosh buyurtmachi
2026-yil 28-avgustda Davlat mustaqilligining 35 yilligi tantanasidagi Prezident nutqi yangi davrni e’lon qildi. Kelgusi o‘n yillik “Milliy yuksalish davri” deb belgilandi. Yettita umummilliy dastur ilgari surildi:
1) Bilim va malakani asosiy kapitalga aylantirish;
2) Sog‘lom bo‘lish va uzoq umr ko‘rish;
3) Yuqori texnologiyali va mehnat unumdorligiga asoslangan iqtisodiyot;
4) Suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirish;
5) Sud mustaqilligi va qonun ustuvorligi;
6) Mahallani jamiyat taraqqiyotining bosh buyurtmachisiga aylantirish;
7) Tinchlik va bag‘rikenglik siyosati.
Eng muhim o‘zgarish boshqaruvning “yuqoridan—pastga” vertikalidan “pastdan—yuqoriga” buyurtma modeliga o‘tish bo‘ldi. Endilikda, tuman byudjeti, investitsiya va davlat dasturlari faqat mahalla aholisining rasmiy buyurtmasi asosida shakllantiriladi. Davlat bosh buyurtmachi emas, balki xalq buyurtmasining sifatli ijrochisiga aylanadi.
Hokim va Kengash raisi lavozimlarining ajratilishi bu bosqichning eng katta demokratik yutug‘i bo‘ldi. 2024-yil oktabr oyidagi saylovlardan so‘ng viloyatlarda, 2026-yil 1-yanvardan esa barcha 208 ta tuman va shaharlarda hokimlarning vakillik organiga rahbarlik qilish amaliyoti to‘liq bekor qilindi. Kengash raislari deputatlar orasidan saylandi. 33 ta vakolat Kengashlarga o‘tkazildi. Bu “tiyib turish va muvozanat” mexanizmining real shakllanishidir.
O‘n yillik natijalar raqamlarda
Prezident nutqidagi rasmiy ko‘rsatkichlar islohotlarning izchilligidan darak beradi. Jumladan, kambag‘allik darajasi 35 foizdan 4 foizga tushirildi. YAIM 55 milliard dollardan 160 milliard dollarga yetdi. Xorijiy investitsiyalar oqimi 18 barobar oshdi. O‘rtacha umr ko‘rish 75,4 yoshga yetdi. Oliygohlardagi talabalar soni 260 mingdan 1,6 millionga chiqdi. Bolalarning maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetdi. 650 mingdan ziyod oila yangi uy-joyga ega bo‘ldi. 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etildi.
Inson kapitaliga e’tibor 2017-yildagi 15 foizdan 2023–2026-yillarda 44 foizga ko‘tarildi. Mahalla oddiy fuqarolar yig‘inidan 7 ta davlat vakili ishlaydigan tayanch tuzilmaga aylandi. Suv tejovchi texnologiyalar, “Yashil makon”, raqamli xizmatlar eksporti va sun’iy intellekt kabi yo‘nalishlar ustuvorlikka chiqdi.
Konseptual siljishlar
O‘n yillik tahlil shuni ko‘rsatadiki, boshqaruv falsafasi “davlat manfaati”dan “inson qadri”ga siljidi. Rejalashtirish tizimi tarmoq ro‘yxatlaridan 437 ta KPI va raqamli “svetofor”ga o‘tdi. Mahalla bosh siyosiy va iqtisodiy kuchga aylandi. Mahalliy darajada hokimiyatlar bo‘linishi tamoyili to‘liq qaror topdi.
Sof ma’muriy maqsadlarning ulushi kamaygani boshqaruvga e’tibor susayganini emas, balki ma’muriy islohotlar institutsional bosqichdan funksional va raqamli bosqichga o‘tganini anglatadi. Davlat apparati o‘zini o‘zi qayta tashkil etish girdobidan chiqib, fuqarolarga proaktiv xizmat ko‘rsatuvchi “servis davlat” modeliga transformatsiya bo‘lmoqda.
BMT Taraqqiyot dasturi va Jahon banki ekspertlari qayd etishicha, O‘zbekistonda strategik rejalashtirish tizimi klassik “idoraviy tadbirlar ro‘yxati”dan zamonaviy natijadorlik va raqamli indikatorlarga asoslangan kompleks dasturiy platformalarga evolyutsiya qildi. Bu dasturlar shunchaki maqsadlar majmui emas, balki aniq moliyaviy manbalar bilan ta’minlangan va jamiyat bilan davlat o‘rtasidagi yangi ijtimoiy shartnomani mustahkamlovchi hujjatlarga aylandi.
Umuman olganda, O‘zbekiston bugungi kunda o‘z strategik yo‘lini aniq belgilab olgan. Harakatlar strategiyasidan boshlab “Milliy yuksalish”gacha bo‘lgan yo‘l — bu izchil, maqsadli va insonga yo‘naltirilgan rivojlanish yo‘lidir.
Kelgusi o‘n yilda mahalla buyurtmasi, raqamli nazorat va inson kapitaliga asoslangan siyosat mamlakatni yangi sifat bosqichiga olib chiqishi shubhasiz. Bu nafaqat hujjatlardagi maqsadlar, balki real hayotdagi o‘zgarishlarning mantiqiy davomidir.
Muhammadjon JO‘RAEV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
bo‘lim boshlig‘i