O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi (+video)
O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan "O‘zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida tantanali konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning so‘zlari bilan aytganda, «Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur»... mustaqillik arafasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish masalasida nihoyatda qizg‘in, ba’zida keskin va murosasiz bahs va tortishuvlar bo‘lib o‘tgan edi. Nihoyat, 1989-yilning 19-oktabr kuni bu o‘ta muhim masala Oliy Kengash sessiyasi muhokamasiga qo‘yildi. Va qariyb bir yarim asrlik qaramlikdan so‘ng mamlakatimizda o‘zbek tili davlat tili deb e’lon qilindi. Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri bo‘lmish ona tilimiz o‘zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo‘ldi. Bu Vatanimiz tarixida tom ma’nodagi buyuk voqea edi.
O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan "O‘zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida tantanali konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Konsertda til, millat va yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotgan ko‘plab yurtdoshlarimiz, xususan yoshlar va xorijlik mehmonlar ishtirok etdilar. Dastur davomida o‘zbek millatining san’at va madaniyatini tarannum etuvchi turfa musiqiy namoyishlar, videomateriallar va sahna ko‘rinishlari havola etildi.
Ayniqsa, davlat tilining xalqaro miqyosda ham faol muloqot vositasiga aylanib borayotgani e’tiborlidir. Xususan, xorijiy mamlakatlar rahbarlari bilan bo‘ladigan uchrashuv va suhbatlar, muzokaralar, tegishli hujjatlarni imzolash marosimlarida, nufuzli sammitlarda, rasmiy matbuot anjumanlarida o‘zbek tilining o‘rni va ahamiyati ortib borayotgani hammamizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi.
Ustoz san’atkorlar tomonidan kun mavzusiga doir ijro etilgan monologlar, dostonlardan she’riy parchalar, ona tilni ulug‘lovchi badiiy chiqishlar barcha tadbir ishtirokchilarda ko‘tarinki ruh va faxr-iftixor uyg‘otdi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma’naviy burchimiz bo‘lib qoladi.
M.Turdaliyeva, O.Davronov,
A.Ahmedov. O‘zA