Senat qo‘mitasi favqulodda vaziyatlarning oldini olishga e’tibor qaratdi
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashni takomillashtirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlarining xizmatini munosib e’tirof etish hamda favqulodda vaziyatlar monitoringi holatiga oid masalalar muhokama qilindi.
"Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Muhokama mobaynida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, qoidabuzarliklar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlash va eng muhimi, inson hayoti hamda salomatligini muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Ushbu tashabbus profilaktika inspektorlarining fidokorona mehnatini e’tirof etish, kasb nufuzini oshirish va mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyatini rag‘batlantirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.

So‘zga chiqqanlar sohada amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, xavfli jarayonlarni barvaqt aniqlash va ilmiy asosda prognoz qilish, idoralararo axborot almashinuvini kuchaytirish hamda aholini o‘z vaqtida ogohlantirish tizimini takomillashtirish zarurligini qayd etdi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan inson hayoti va salomatligini muhofaza qilish, jamoat xavfsizligini mustahkamlash hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha mas’ul idoralar faoliyati samaradorligini oshirish muhimligi ta’kidlandi.
N.Abduraimova,
O‘zA