O‘zbekistonning eng mahoratli yosh suzuvchilari saralandi
Namangan shahridagi “Okean” suv sport saroyida suzish bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi. Chempionat uchta yosh toifasida tashkil etildi.
Qizg‘in kechgan musobaqalar yakuniga ko‘ra, 2008-2009 yillarda tavallud topgan qizlar o‘rtasidagi 100 metr masofaga erkin usulda suzishda Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi o‘quvchisi Parizod Abdukarimova marraga birinchi bo‘lib yetib kelgan bo‘lsa, shu yo‘nalishdagi o‘g‘il bolalar o‘rtasida andijonlik Muhammadsodiq Maxsumov shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
200 metr masofaga batterflyay usulida suzish bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada qizlar orasida toshkentlik Munira Kenjayeva, o‘g‘il bolalar o‘rtasida esa namanganlik Muhammadamin Rahmatullayev O‘zbekiston chempioniga aylandi.

Shuningdek, 14-15 yoshlar orasida 200 metrga erkin usulda suzishda Osiyoxon Rajapova va Muhammadsodiq Mahsumov oltin medalni qo‘lga kiritdi. 100 metr masofaga o‘tkazilgan estafetada Andijon viloyati suzuvchilariga teng keladigani topilmadi. 12-13 yoshlar orasida 200 metrga brass usulda suzishda Imona Ismoilova hamda Ivan Lutsev g‘alaba qozondi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA