O‘zbekistonning agrar sohadagi islohotlari xalqaro maydonda e’tirof etildi
Dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi tobora dolzarb masalaga aylanayotgan bir paytda qishloq xo‘jaligida ilmiy yutuqlar, ilg‘or tajriba va xalqaro hamkorlikning ahamiyati ortib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Jahon oziq-ovqat mukofoti jamg‘armasi (World Food Prize Foundation) tadbirlarida ishtirok etish maqsadida ayni paytda AQSHda ishchi tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida vazir Jahon oziq-ovqat mukofoti jamg‘armasi prezidenti Mashal Husain bilan uchrashdi. Muloqot davomida global oziq-ovqat xavfsizligi, sohada mavjud dolzarb muammolar hamda ularni bartaraf etishda xalqaro hamkorlikning ahamiyati muhokama qilindi. Uchrashuvda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar alohida e’tirof etildi. Tomonlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, ilmiy-amaliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Ibrohim Abdurahmonov Nobel mukofoti laureati va Jahon oziq-ovqat mukofoti asoschisi Norman Borlaugning qizi Jini Borlaug Laube bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslardagi ishtiroki, shuningdek, mamlakatimiz vakilining nufuzli xalqaro mukofotlardan biriga sazovor bo‘lgani e’tirof etildi.

Jini Borlaug Laube bilan suhbatda Markaziy Osiyo davlatlarining, jumladan, O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslardagi ishtiroki va mamlakatimiz vakilining nufuzli xalqaro mukofotlardan biriga sazovor bo‘lgani yuqori baholandi.
O‘zbekiston va Jahon oziq-ovqat mukofoti jamg‘armasi o‘rtasidagi muloqot qishloq xo‘jaligida ilmiy tajriba almashish, oziq-ovqat sifati va xavfsizligini yaxshilash hamda yangi tashabbuslarni rivojlantirish uchun imkoniyat yaratadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA