Ko‘p kvartirali uylarni ruxsatnomasiz qurganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi
Inson xotirjam yashashi uchun, eng avvalo, qulay va xavfsiz uy-joyga ega bo‘lishi kerak. Ammo, keyingi paytda yangi qurilayotgan uylar zamonaviy va qanchalik ko‘rkam bo‘lmasin, ularning qanday qurilgani, sifati, xavfsizligi odamlarni ko‘proq o‘ylantirmoqda.
Chunki keyingi paytda juda qisqa muddatda qurilayotgan ko‘p qavatli uylar quruvchilarning pul ketidan quvish “poyga”siga ham o‘xshab qolgani sir emas. O‘rganishlarda ularning sifatsiz qurilgani aniqlangani yoki hujjatlari puxta bo‘lmaganlari ham uchragani shuni tasdiqladi.
Bu kabi holatlarga barham berish maqsadida «Qurilish sohasida davlat nazorati va boshqaruvi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari 2026-yil 28-sentabrda imzolagan mazkur qonunning muhim jihatlari haqida Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobil Tursunov bilan suhbatlashdik.

– Aytib o‘tish kerakki, Bosh prokuratura tomonidan tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari jalb etilgan holda bino va inshootlarni loyihalash hamda ekspertizadan o‘tkazishda yangi seysmologik ko‘rsatkichlardan foydalanish holati o‘rganilgan.
Unda 11 ming 834 ko‘p kvartirali uyning zilzilabardoshligi xatlovdan o‘tkazilgan. Natijada 3 ming 107 uy-joy xususiy ekspertizadan o‘tkazilgani, 1 ming 434 tasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘tmagani aniqlangan. 185 tasida esa noqonuniy ravishda qo‘shimcha qavatlar qurilgani ma’lum bo‘lgan.
2025-yil 1-iyuldan o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarni mazkur inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tkazish to‘xtatilgan bo‘lsa-da, noqonuniy qurilishlar soni yana 213 taga oshgan.
Bu kabi holatlar qurilish sohasidagi davlat nazoratini kuchaytirish, binolarning zilzilabardoshligini ta’minlash va aholi xavfsizligini himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurligini ko‘rsatdi.
– Qonun bilan qanday huquqiy choralar belgilandi? Ruxsatnomasiz ko‘p kvartirali uy qurganlik uchun qanday javobgarlik nazarda tutildi?
– Qonun bilan Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Asosiy maqsad – ko‘p kvartirali uylarni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasisiz qurish holatlarining oldini olish va bunday huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishdan iborat.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, ko‘p kvartirali uylarni tegishli inspeksiyalar ruxsatnomasisiz qurganlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari, mansabdor shaxslarga esa 450 baravari miqdorida jarima solinadi.
Bunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takroran sodir etilsa, jinoiy javobgarlik kelib chiqadi. Jumladan, Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan normaga ko‘ra, ruxsatnomasiz ko‘p kvartirali uy qurish takroran sodir etilgan taqdirda, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.
Mazkur choralar ruxsatsiz qurilishlarning oldini olish, qurilish qoidalariga rioya etilishini ta’minlash va aholi hayoti hamda salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
– Qonun bilan shaharsozlik sohasida ham o‘zgarishlar nazarda tutilgan. Master rejalarning huquqiy maqomi va ularga qo‘yiladigan talablar qanday?
– Shaharsozlik kodeksiga master rejalarni shaharsozlik hujjatlaridan biri sifatida belgilashga qaratilgan qo‘shimcha kiritildi. Ularga qo‘yiladigan asosiy talablar ham belgilandi.
Master rejalar hududlarda mavjud bo‘lgan aniq muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirilishi, ularda shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa yo‘nalishlardagi loyiha yechimlari mujassam bo‘lishi nazarda tutilgan.
Bu esa hududlarni rivojlantirishni rejali tashkil etish, shaharsozlik yechimlarini o‘zaro muvofiqlashtirish va mavjud muammolarni tizimli hal qilish uchun huquqiy asos yaratdi.
– Qurilish-montaj ishlarini boshlash tartibida ham o‘zgarishlar bo‘lyapti. Bu borada qanday yangiliklar joriy etiladi?
– Qonun bilan «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunga ham tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, ko‘priklar va tonnellarni loyihalash hamda qurish, shuningdek, xavfi yuqori bo‘lgan ob’ektlarni loyihalash va qurish uchun litsenziyalarni amal qilish muddati cheklanmagan holda berish talabini bekor qilish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, qurilish-montaj ishlarini boshlash haqida xabarnoma yuborish tartibi o‘rniga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalaridan ushbu ishlarni boshlash uchun ruxsatnoma olish tartibi joriy etiladi.
Bu orqali qurilish ishlarini boshlashdan oldin ularning belgilangan talablarga muvofiqligini nazorat qilish imkoniyatlari kengaytiriladi.
– Binolarning seysmik xavfsizligini ta’minlash va qurilish sohasidagi nazoratni kuchaytirish bo‘yicha vakolatli organlarning vazifalari nimadan iborat?
– Qonun bilan «O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida»gi qonunga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining ayrim vakolatlarini qayta ko‘rib chiqishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi etib o‘zgartirildi.
Inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalariga bir qator qo‘shimcha vakolatlar berildi. Jumladan, ular qurilish-montaj ishlarini boshlash hamda qurilishi tugallangan ob’ektlardan foydalanishga ruxsat beradi.
Qurilayotgan bino va inshootlarning seysmik xavfsizligi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini nazorat qiladi.
Buyurtmachilarning texnik nazoratni amalga oshirish bo‘yicha ishlarini va ishlab chiquvchilarning mualliflik nazoratini tekshiradi. Ushbu nazorat turlari sifatsiz amalga oshirilgan taqdirda, aybdorlarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘radi.
Elektron texnik pasportlar asosida binolar va inshootlarni seysmik jihatdan zaifligi bo‘yicha tasniflash, ularni instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazish hamda zilzilabardoshligini oshirish ishlarida ishtirok etadi.
Qurilayotgan binolarning zilzilabardoshligini ta’minlash va mavjud binolarning zilzilabardoshligini oshirish uchun zarur choralarni ko‘radi. Seysmik faol zonalarda qurilishi rejalashtirilgan barcha turdagi bino va inshootlar, shuningdek, ko‘p qavatli turar joylarning seysmik zaifligini baholash uchun zarur ma’lumotlarni qamrab olgan elektron texnik pasportlarni shakllantiradi.
Ushbu vakolatlar qurilish ishlarining sifatini nazorat qilish, binolarning seysmik xavfsizligini baholash va ehtimoliy xavflarning oldini olish bo‘yicha davlat organlarining imkoniyatlarini kengaytiradi.
– Qonun qabul qilinishi bilan qurilish sohasida qanday amaliy natijalar kutilmoqda?
– Qonun qurilish sohasida davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirish, binolar va inshootlarning zilzilabardoshligi hamda seysmik xavfsizligini ta’minlash, bu borada mas’ul sub’ektlarning vakolatlarini aniqlashtirish va shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, belgilanayotgan huquqiy mexanizmlar orqali ruxsatsiz qurilishlarning oldini olish, qurilish jarayonida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash va aholi uchun xavfsiz turar joy muhitini yaratish imkoniyatlari yaratiladi
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun 2026-yil 30-dekabrda kuchga kiradi.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova suhbatlashdi.