O‘zbekistonlik olimlar Turkmanistonda
Ashxobod shahrida joylashgan Turkmaniston davlat jismoniy tarbiya va sport institutida “Qudratli davlatning yangi davri — Uyg‘onish davrida sog‘liqni saqlash, ta’lim va sport” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada o‘zbekistonlik olimlar ishtirok etmoqda.
Mazkur nufuzli xalqaro anjumanda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Sport psixologiyasi, pedagogika va tillar kafedrasi mudiri, professor A. Shopo‘latov O‘zbekistonda sport ta’limida yuz berayotgan global o‘zgarishlar, xalqaro hamkorlik aloqalari, olib borilayotgan ilmiy izlanishlar xususida xorijlik mutaxassislarga so‘zlab berdi
Anjuman O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, ta’lim va sport sohalarida erishilayotgan ilmiy yutuqlar, joriy etilayotgan ilg‘or tajribalar xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilayotganligi e’tirof etildi.
Muhokamalarda mintaqadagi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan, izlanishlar olib borayotgan professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyatini namoyon etishda hamkorlik aloqalarini kengaytirish, tajriba almashish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
T. Ro‘ziyev. O‘zA