Andijonda ommaviy yugurish marafonlari o‘tkazildi
Andijon viloyati Bobur shahrida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida yugurish marafonlari tashkil etildi.
Unda sakkiz ming nafardan ziyod ishtirokchi qatnashib, Bobur shahridan Vatanparvar bog‘igacha bo‘lgan masofani bosib o‘tdi. Ommaviy sport tadbiri doirasida «Harbiy yugur», «Talaba-yugur» va «Inson uchun» yo‘nalishlari bo‘yicha marafonlar o‘tkazildi.
Mazkur tashabbus aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga keng jalb etish, shuningdek, giyohvandlik kabi zararli illatlarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
[gallery-31875]
Marafon ishtirokchilari belgilangan masofani bosib o‘tib, sog‘lom turmush tarziga intilish, hamjihatlik va faol hayot tarzini qo‘llab-quvvatlash namunasini namoyon etdi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
Bunday ommaviy sport tadbirlari aholi salomatligini mustahkamlash, yoshlar o‘rtasida sport madaniyatini yuksaltirish va sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirishga xizmat qiladi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA