Tozalik - obod mahalla mezoni
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Navoiy viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati Alijon Jalilov tashabbusi bilan Navoiy davlat universitetining ekovolontyor talabalari ishtirokida Navoiy shahridagi Farovon mahallasida ekologik aksiya tashkil etildi.
Mazkur tadbir Prezidentimizning joriy yil 23 sentabrda qabul qilingan “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda mahallalar rolini kuchaytirish va hududlarning yashillik darajasini tubdan oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash hamda “Tozalik va ozodalik dolzarb ikki oyligi” doirasida o‘tkazildi.

Tadbir avvalida ta’kidlanganidek, atrof-muhit musaffoligi, ko‘chalar va jamoat joylarining ozodaligi, yashil hududlarning obodligi jamiyatning ekologik madaniyatini namoyon etadigan muhim mezonlardan biridir. Bunday ezgu maqsadlarga erishishda nafaqat tegishli tashkilotlar, balki har bir fuqaroning mas’uliyati, ayniqsa, yoshlarning faolligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Dastlab ishtirokchilarga Farmonning mazmun-mohiyati, belgilangan vazifalarning ahamiyati hamda atrof-muhitni muhofaza qilish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida tushuntirish berildi. Suhbat davomida ekologik madaniyatni yuksaltirish, maishiy chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash, umumiy foydalanishdagi hududlarni asrab-avaylash va tozalikni kundalik turmush tarziga aylantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ekologik aksiya ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston Ekologik partiyasining besh yilligi munosabati bilan barpo etilgan bog‘, piyodalar yo‘laklari, ariqlar ichida va hududning turli nuqtalarida to‘planib qolgan maishiy chiqindilar yig‘ishtirildi. To‘plangan chiqindilar maxsus konteynerlarga joylashtirildi.

Tadbir yakunida aksiyada faol ishtirok etgan ekovolontyor talabalarga tashakkurnomalar topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri