O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalistning “Mahorat maktabi” tashkil etildi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi hamda “Xatirchi hayoti” gazetasi tahririyati hamkorligida tahririyat huzurida faxriy jurnalist Isroil Xolboyevning “Mahorat maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Iste’dodli jurnalist Isroil Xolboyev 1985-2019 yillarda Navoiy viloyati va respublika ommaviy axborot vositalarida faol mehnat qilib, samarali faoliyati uchun 2012 yilda davlatimizning yuksak mukofoti - “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga sazovor bo‘ldi.
Nafaqa gashtini surayotgan faxriy ijodkor endilikda haftada bir marotaba tahririyatda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazib, jurnalistikaga qiziquvchi yoshlarga soha sirlaridan saboq beradi. “Mahorat maktabi” tashkil etilgan sanada o‘tkazilgan ilk mashg‘ulotda 10 nafarga yaqin xatirchilik ijodkor yoshlar ishtirok etdi.
Qayd etish kerak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 iyun sanasidagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida tahririyatlar qoshida to‘garaklar tashkil etish belgilangan bo‘lib, mazkur sa’y-harakat ana shu maqsadda amalga oshirildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan viloyatning barcha tuman, shahar gazetalari huzurida faxriy jurnalistlar “Mahorat maktab”larini tashkil etishga qizg‘in kirishilgan.
[gallery-8155]
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA