Özbekistonda tibbiy turizm: 10 oyda 61 ming 736 xorijlik davolandi
Özbekiston nafaqat tarixiy obidalari, boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyati, balki tibbiy xizmatlari bilan ham xorijliklar eʼtiborini tortmoqda. Çunki mamlakatning boy tabiati, şifobaxş manbalari hamda yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari tibbiy turizmning barqaror ösişi va raqobatbardoşligini taʼminlaşda muhim ahamiyat kasb etadi.
Milliy statistika qömitasi maʼlumotlariga köra, 2026-yilning yanvar–oktabr oylarida 61 ming 736 nafar xorijiy fuqaro davolaniş maqsadida yurtimizga taşrif buyurgan. Davlatlar kesimida tahlil qilinganda, eng katta uluş qöşni mamlakatlar hissasiga töğri keladi. Xususan, Tojikistondan 29 ming 805 nafar, Qirğiz Respublikasidan 18 ming 270 nafar, Qozoğistondan esa 9 ming 590 nafar fuqaro tibbiy xizmatlardan foydalaniş uçun kelgan. Şuningdek, Afğonistondan 2 ming 93 nafar, Rossiyadan 1 ming 716 nafar fuqaro davolaniş maqsadida Özbekistonni tanlagan. Qolgan 262 nafar taşrif buyuruvçi boşqa davlatlar hissasiga töğri keladi.
Raqamlardan maʼlum bölişiça, tibbiy xizmatlardan foydalaniş uçun kelayotgan xorijliklarning asosiy qismi Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolaridir. Bu esa Özbekistonning mintaqadagi tibbiy xizmatlar bozoridagi örni va qöşni mamlakatlar bilan soğliqni saqlaş sohasidagi aloqalariga eʼtibor qaratiş zarurligini körsatadi. Ayni paytda, tibbiy turizm salohiyatini yanada oşiriş uçun nafaqat zamonaviy tibbiy texnologiyalar va malakali mutaxassislar, balki xizmatlar sifati, qulay şaroitlar hamda xalqaro darajadagi işonçni mustahkamlaş ham muhim ahamiyatga ega.
Jahon soğliqni saqlaş taşkiloti maʼlumotlariga köra, har yili 20 milliondan ortiq şaxslar tibbiy xizmatlar oliş maqsadida xorijga safar qiladi. Hozirda mamlakatimizda ham sanatoriy-kurort tarmoqlari kengayib, sifatli xizmat körsatiş imkoniyatlari va turizm infratuzilmasi rivojlanmoqda. Masalan, toğli va tabiiy resurslarga boy hududlarda — Zomin, Çimyon, Çortoq, Termiz, Boysun kabi manzillarda şifobaxş balçiq va mineral suvlarga asoslangan sanatoriylar faoliyati yölga qöyilgan.
Muhayyo Toşqorayeva,
ÖzA