O‘zbekistonda suv muammosini yumshatish borasida qanday choralar ko‘rilyapti?
Ekspertlar yaqin 20 yillikda Markaziy Osiyo davlatlarida keskin suv taqchilligi yuzaga kelishini aytishadi. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari O‘zbekistonda suv tanqisligi qurg‘oqchil hududlarning qishloq xo‘jaligi tarmog‘iga qanday ta’sir ko‘rsatishini o‘rgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, hozirda Yer yuzida qariyb 1,1 milliard kishi turli darajadagi suv tanqisligidan aziyat chekmoqda. Kelgusi o‘n yillikda iqlim o‘zgarishi va qo‘shni mamlakatlarda suv iste’moli ortishi O‘zbekistonning Amudaryo va Sirdaryodan suv olishini kamaytiradi. Natijada qurg‘oqchilik va cho‘llanish jarayoni yanada kuchayib ketishi hamda aholi turmush darajasiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, 2030 yilga borib mamlakatda 7 milliard kub metr suv tanqisligi kuzatilishi hamda buning oqibatida O‘zbekiston dunyodagi suv tanqis bo‘lgan 33 ta davlat qatoriga tushib qolish ehtimoli mavjud.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilga borib suv resurslari O‘zbekistonning asosiy daryolari — Sirdaryo havzasida 5 foizgacha, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. Bundan tashqari, aholining o‘sishi hisobiga mamlakatimizda 2030 yilga borib suvga bo‘lgan talab 7 milliard metr kubni tashkil etar ekan. Shuningdek, 2050 yilga borib, bu ko‘rsatkich ikki barobarga ortishi — 14 milliard metr kubga yetishi mumkin.
Xo‘sh, holatni yumshatish borasida mamlakatimizda qanday ishlar amalga oshirilyapti? O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Hamzayev mavzu yuzasidan O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.
– Suv taqchilligining yagona yechimi bu – suv tejovchi texnologiyalar hisoblanadi. Mamlakatimizda so‘nggi 3 yilda suv tejovchi va tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish 9 barobarga oshdi. Bu borada fermerlar va suv tejovchi texnologiyalar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarga subsidiyalar berish tartibi yengillashtirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududida bir yilda 63-64 milliard metr kub suvga ehtiyoj bor. O‘tgan yilda 52-53 milliard metr kub suv keldi. Demak, o‘tgan yilning o‘zida 10 milliard metr kub suv kamaydi. Endilikda suvning kamayish tendensiyasi davom etaveradi. Yo‘qotilgan suvning o‘rnini qoplashning birdan bir yo‘li suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishdir. Bugungi kunda mamlakatimiz maydoni 44,4 million gektar bo‘lsa, shundan 4,3 million gektari suvli yerlardir. Aynan shu 4,3 million gektar yerdan 37 million aholini boqamiz. Tasavvur qiling, har yili 1 milliondan odam ko‘payib boryapti. Agar suv tejovchi texnologiyalarni tezkor joriy etmasak, kelajakda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining tan narxi oshishi mumkin.

Shu nuqtai nazardan, 4,3 million gektar yerning qariyb 300 ming gektarga yaqinida yomg‘irlatib sug‘orish va tomchilatib sug‘orish joriy etilgan. 700 ming gektarida lazer tekislash orqali suvni tejovchi texnologiyalar joriy etilgan. Taxminan mamlakatimizda jami 1 million gektarga yaqin yerda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi. 2030 yilga borib, suv tejovchi texnologiyalar maydoni 2 million gektarga yetkazilishi reja qilingan. Ya’ni, yurtimizdagi yerning 70-75 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi. Bu ko‘rsatkichni quruq raqamlarda emas, amalda va ilm bilan qilishimiz shart. “Suvchilar maktabi” bu masalaning yechimi bo‘ladi.
Darhaqiqat, oxirgi yillarda yurtimizda suv resurslaridan foydalanish tubdan isloh qilinayotir. Xususan, 2017–2023 yillarda jami 1,2 million gektar yer maydonida (yoki qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining qariyb 31 foizida) suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi. Bu tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret sug‘orish, egiluvchan quvur, plyonka to‘shab sug‘orish kabi texnologiyalarni o‘z ichiga oladi. E’tiborlisi, 2019 yildan suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha subsidiya ajratish mexanizmi tatbiq etildi. Shuningdek, so‘nggi ikki yilda suv xo‘jaligi, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarga katta miqdorda subsidiya ajratilgan.
Bugungi kunda 2,5 million gektar maydonni sug‘orish uchun 5 mingdan ziyod nasos ishlatiladi. Ushbu tizim 2022 yildan boshlab raqamlashtirildi. Amalga oshirilgan bu chora-tadbirlar natijasida 3 milliard metr kub suv iqtisod qilinib, qo‘shimcha 400 ming gektar maydonda suv ta’minoti yaxshilandi. Suvni boshqarish jarayonini avtomatlashtirish orqali yo‘qotishlar 10 foizgacha kamaytirildi.
Mazkur yo‘nalishda islohotlarni yanada jadallashtirish maqsadida Suv xo‘jaligi vazirligi oldiga 2030 yilgacha sug‘oriladigan ekin maydonlarini suvni tejaydigan texnologiyalar bilan to‘liq qamrab olish vazifasi qo‘yilgan. Ular sirasiga nasoslar va shlanglar yordamida tomchilatib sug‘orish, aylanasiga yomg‘irlatib sug‘orish kabilar kiradi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, suv tejovchi texnologiyalarni mahalliylashtirish darajasi 80 foiz bo‘lib, yurtimizda bu bilan shug‘ullanadigan korxonalar soni 50 tadan oshgan. O‘zbekiston suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi, MDH davlatlari orasida ikkinchi, Osiyoda to‘rtinchi va dunyoda 13-o‘rinni egallaydi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA