O‘zbekistonda qurilish standartlari Yevrokodlar asosida takomillashtirilmoqda
O‘zbekistonda qurilish sohasining texnik-me’yoriy bazasini xalqaro talablar asosida takomillashtirish, binolar va inshootlarning xavfsizligi hamda ishonchliligini oshirish maqsadida Yevrokodlarni milliy qurilish tizimiga bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti rahbariyati hamda Yevrokodlarni joriy etish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun TAIEX INTPA Expert Mission doirasida xalqaro master-klass o‘tkazilmoqda.
Unda Ruminiyaning ASRO — Ruminiya standartlashtirish tashkiloti ekspertlari ishtirok etib, Yevrokodlarni milliy qurilish tizimiga moslashtirish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda.

Tadbir davomida Yevrokodlarni O‘zbekistonning milliy qurilish tizimiga joriy etishning amaliy mexanizmlari, milliy ilovalar va milliy parametrlarni shakllantirish, amaldagi qurilish standartlarini uyg‘unlashtirish, shuningdek, sohadagi institutsional mexanizmlarni takomillashtirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Yevrokodlar — Yevropa mamlakatlarida binolar va inshootlarni loyihalashda qo‘llaniladigan zamonaviy texnik standartlar tizimi bo‘lib, ular konstruksiyalarning mustahkamligi, barqarorligi, yong‘in xavfsizligi va turli tashqi ta’sirlarga chidamliligini ta’minlashga qaratilgan.

Xalqaro ekspertlar missiyasi doirasida O‘zbekiston mutaxassislariga Yevrokodlarni milliy sharoitga moslashtirish, zarur standart va me’yorlarni ishlab chiqish, milliy yo‘l xaritalarini shakllantirish hamda Yevropa amaliyotini milliy tizimga integratsiya qilish bo‘yicha metodik tavsiyalar berilmoqda.
Mazkur hamkorlik qurilish sohasida yagona va zamonaviy texnik yondashuvlarni shakllantirish, loyihalash jarayonlarida xalqaro standartlardan kengroq foydalanish hamda qurilayotgan ob’ektlarning xavfsizligi va sifatini oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Ta’kidlash joizki, Yevrokodlarni milliy qurilish tizimiga joriy etish bir martalik jarayon emas. Bu amaldagi me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish, milliy parametrlarni belgilash, mutaxassislarni tayyorlash va soha ishtirokchilarini yangi talablarga moslashtirishni qamrab oladigan bosqichma-bosqich jarayondir.
Xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar natijasida O‘zbekistonda zamonaviy, xavfsiz va xalqaro talablarga mos qurilish normalari va standartlarini shakllantirish, sohaning texnik-me’yoriy bazasini mustahkamlash hamda qurilish sifatini yangi bosqichga olib chiqish uchun zarur asos yaratilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA