O‘zbekistonda yangi pensionerlarning 61 foizi to‘liq ish stajiga ega emas
Bugun aholi bandligini rasmiylashtirish, mehnat munosabatlarini qonuniy asosda yo‘lga qo‘yish va ijtimoiy soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash nafaqat bugungi ijtimoiy himoya, balki kelgusida munosib pensiya olish uchun ham muhim omil hisoblanadi. Chunki fuqaroning pensiya miqdori, avvalo, uning rasmiy mehnat faoliyati, ish staji va qonunchilikda belgilangan tartibda to‘langan ijtimoiy soliqlar bilan bevosita bog‘liq.
Pensiya jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, amaliyotda esa ish staji yetarli bo‘lmagan holda pensiyaga chiqayotgan fuqarolar soni ortib bormoqda. Bu holat, asosan, norasmiy mehnat munosabatlari, ish haqining rasmiy hisobga olinmasligi va ijtimoiy soliqlarning to‘lanmasligi bilan bog‘liq.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, to‘liq pensiya tayinlanishi uchun erkaklarga 25 yil, ayollarga esa 20 yil ish staji talab etiladi. Agar fuqaroning ish staji belgilangan talabga yetmasa, pensiya mavjud ish stajiga mutanosib ravishda to‘liq bo‘lmagan ish staji asosida tayinlanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2010-yilda yangi tayinlangan pensiyalar orasida to‘liq ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar ulushi atigi 6 foizni tashkil etgan. 2025-yilga kelib esa bu ko‘rsatkich 61 foizga yetgan. Ya’ni, bugun yangi pensiya tayinlanayotgan har uch nafar fuqaroning qariyb ikki nafari to‘liq ish stajiga ega emas. Umumiy pensionerlar tarkibida ham mazkur toifaning ulushi sezilarli darajada oshgan. Xususan, 2010-yilda to‘liq ish stajiga ega bo‘lmagan pensionerlar ulushi 3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 39 foizga yetgan. Shu bilan birga, pensionerlarning 47 foizi 820 ming so‘mdan 1 million so‘mgacha miqdorda pensiya olayotgani ham masalaning dolzarbligini ko‘rsatadi.
Norasmiy mehnat — kelajak pensiyaga ta’sir qiladi. Mutaxassislarning fikricha, ish staji yetarli bo‘lmagan pensionerlar soni ortishiga bir qator omillar sabab bo‘lmoqda. Jumladan, norasmiy mehnat munosabatlarining saqlanib qolayotgani, ish haqining rasmiy hisobotlarda to‘liq aks ettirilmasligi yoki «konvert»da berilishi, ijtimoiy soliqlarning to‘lanmasligi sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, mehnat faoliyatini tasdiqlovchi hujjatlarning belgilangan tartibda arxivga topshirilmasligi, fuqarolarning ayrim davrlarda rasmiy mehnat bilan qamrab olinmagani sabab bo‘layotir.
Norasmiy ishlash ko‘p hollarda fuqaroga bugungi kunda qo‘shimcha daromad yoki ayrim xarajatlarni tejash imkonini bergandek ko‘rinishi mumkin. Biroq bunday mehnat munosabatlari kelajakda mehnat stajining yetarli darajada shakllanmasligi va pensiya miqdorining kamayishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli ish beruvchi bilan mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish, ish haqining qonuniy tartibda hisoblanishi va ijtimoiy soliqlarning to‘lanishi har bir xodimning kelajakdagi ijtimoiy ta’minoti uchun muhim ahamiyatga ega.
Pensiya — insonning uzoq yillik mehnat faoliyati davomida shakllanadigan ijtimoiy kafolatlaridan biridir. Shu bois fuqarolar mehnat faoliyatini rasmiylashtirishga, ish staji va mehnat faoliyati haqidagi ma’lumotlarning to‘g‘ri yuritilishiga e’tibor qaratishi zarur. Zero, norasmiy bandlik masalasi faqat bugungi daromad bilan bog‘liq emas. U insonning ertangi ijtimoiy himoyasi, mehnat staji va pensiya miqdoriga ham bevosita ta’sir qiladi. Shu nuqtai nazardan, aholi o‘rtasida rasmiy bandlikning afzalliklari, ijtimoiy soliqlarni to‘lashning ahamiyati va pensiya ta’minoti bo‘yicha huquqiy savodxonlikni oshirish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA