Inson omilisiz rasmiylashtirilgan deklaratsiyalar eksportda 42 foizni, importda esa 13 foizni tashkil etgan
Milliy matbuot markazida Bojxona qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda sohada so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida erishilgan natijalar, bojxona jarayonlarini raqamlashtirish, tadbirkorlarga yaratilayotgan qulayliklar hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, keyingi o‘n yilda bojxona sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida tizimda tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Avvalgi tasavvurda asosan nazorat va bojxona to‘lovlarini undirish vazifalarini bajaruvchi tuzilma sifatida namoyon bo‘lgan bojxona organlari bugun tashqi savdo ishtirokchilariga ko‘maklashuvchi, tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratuvchi va zamonaviy xizmatlarni taqdim etuvchi tizimga aylanib bormoqda. Bu jarayonda bojxona tartib-taomillarini takomillashtirish, inson omilini qisqartirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, korrupsiyaning oldini olish va xizmatlar samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakat tashqi siyosatidagi ochiqlik va qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarning mustahkamlanishi chegaralardagi harakat oqimiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, 2017-yilda chegara bojxona postlari orqali 21 milliondan ziyod yo‘lovchi harakatlangan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 60 millionga yaqinlashgan. 2026-yilning yanvar–iyul oylarida esa 40 milliondan ortiq yo‘lovchi bojxona postlari orqali harakatlangan. Yuk avtotransport vositalari harakati ham sezilarli darajada oshgan. 2017-yilda chegara bojxona postlari orqali 484 mingdan ziyod yuk avtotransport vositasi o‘tgan bo‘lsa, 2025-yilda bu raqam 1,8 milliondan oshgan. Joriy yilning yetti oyida esa qariyb 1,2 millionta yuk avtotransport vositasi harakatlangan.
Tashqi savdo hajmi o‘sishining yana bir ko‘rsatkichi bojxona yuk deklaratsiyalari sonida namoyon bo‘lmoqda. 2017-yilda 464 mingta deklaratsiya rasmiylashtirilgan bo‘lsa, 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich 1 million 153 mingtaga yetgan. 2026-yilning yetti oyida esa 715 mingta deklaratsiya rasmiylashtirilgan. Bunday katta hajmdagi tovar va transport oqimi sharoitida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini samarali tashkil etishda raqamli texnologiyalarning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Bojxona organlari faoliyatiga axborot tizimlari, mobil ilovalar va sun’iy intellekt elementlarining joriy etilishi natijasida 2026-yilning o‘zida deklaratsiyalarning qariyb 22 foizi inson aralashuvisiz rasmiylashtirilgan.
Joriy yilning yetti oyida 206 mingta eksport deklaratsiyasining 94 foizi, 397 mingta import deklaratsiyasining 87 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilgan. Inson omilisiz rasmiylashtirilgan deklaratsiyalar eksportda 42 foizni yoki 92 mingtani, importda esa 13 foizni yoki 58 mingtani tashkil etgan. Natijada 52 mingdan ziyod tadbirkorning vaqti va ortiqcha xarajatlari tejalgan. Tashqi savdo ishtirokchilari uchun yana bir muhim qulaylik — «Yagona darcha» tizimining takomillashtirilayotganidir. Hozirda 11 ta idoraning 42 turdagi sertifikat va ruxsatnoma berish jarayoni raqamlashtirilib, yagona tizimga birlashtirilgan. Bugungi kunga qadar mazkur tizim orqali 140 ming tadbirkorning 4 milliondan ortiq hujjati elektron shaklda rasmiylashtirilgan.
—Tadbirkorlarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va tashqi savdo faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida 10 mingdan ortiq tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisiga 34 trillion so‘mlik bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanilgan, — deydi Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Xusan Tangriyev. — Shuningdek, 450 ga yaqin tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisiga qariyb 4 trillion 944 milliard so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash imkoniyati berilgan. Fuqarolar va tadbirkorlar uchun tovar yoki transport vositasini O‘zbekistonga olib kirishda to‘lanadigan bojxona to‘lovlarini oldindan aniqlash imkonini beruvchi yangi loyiha ham tayyorlanmoqda. Yil yakuniga qadar «AI-tarif» tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan. U orqali fuqarolar tovar rasmini olish bilan uning bojxona to‘lovlari miqdorini mustaqil aniqlash imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish borasida ham qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikdagi tezkor tadbirlar natijasida 2026-yilda 1,8 tonnadan ziyod giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy olib kirilishi va yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan. Shuningdek, 158 ta o‘qotar, pnevmatik va sovuq qurol hamda 325 ta patronning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yilgan.
Matbuot anjumani doirasida Bojxona qo‘mitasi hamda Jurnalistlar uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi ham imzolandi. Memorandum doirasida bojxona sohasiga qiziqish bildiruvchi, shuningdek, ushbu yo‘nalishda ixtisoslashish niyatida bo‘lgan jurnalistlar uchun Bojxona institutida maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu tashabbus jurnalistlarning bojxona sohasiga oid bilim va ko‘nikmalarini oshirish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yanada to‘g‘ri, xolis va professional yetkazishga xizmat qiladi.
Matbuot anjumani yakunida jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga Bojxona qo‘mitasi rahbariyati tomonidan javoblar berildi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA