Mogilyovda Özbekiston faxriy konsulining ofisi oçildi
Belarusning Mogilyov şahrida Özbekiston Respublikasining Belarus Respublikasidagi Minsk şahri va Mogilyov viloyati böyiça faxriy konsuli ofisining tantanali oçiliş marosimi bölib ötdi.
Tadbirda Özbekistonning Belarusdagi Favqulodda va muxtor elçisi Nuriddin Mamajonov iştirok etib, «Servolyuks» kompaniyalar guruhi Direktorlar kengaşi raisi Yevgeniy Baskinga faxriy konsullik patentini topşirdi.

Özbekiston elçisi yirik işlab çiqariş kompaniyasi rahbarining faxriy konsuli etib tayinlanişi Belarus va Özbekiston örtasidagi munosabatlarni, jumladan, savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlaşda muhim ahamiyat kasb etişini taʼkidladi.
Mogilyov viloyati ijroiya qömitasi raisining örinbosari Yelena Prudnikova-Kirpiçyonok ikki tomonlama hamkorlikning ijobiy surʼatlarda rivojlanayotganini tasdiqlovçi maʼlumotlarni keltirdi.
Xususan, sönggi beş yilda Mogilyov viloyatining Özbekiston bilan taşqi savdo hajmi 2,6 barobarga, eksport 2,5 barobarga, import esa 2,9 barobarga oşgan.
– Faqat 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida Mogilyov viloyatining Özbekiston bilan taşqi savdo aylanmasi 30 million AQŞ dollaridan oşib, ötgan yilning mos davriga nisbatan 33,4 foizga ösdi. Eksport hajmi 38,1 foizga, import esa 10,4 foizga köpaydi, – dedi Yelena Prudnikova-Kirpiçyonok.

Uning taʼkidlaşiça, eksportning asosiy qismini uzunasiga arralangan yoğoç materiallari, quyultirilgan va quruq sut hamda qaymoq, turli yoğoç buyumlar, mol göşti, yoğoç-qirindili plitalar, pişloq va tvorog taşkil etgan.
Import tarkibida esa töqimaçilik mahsulotlaridan tayyorlangan sport kostyumlari, paxta tolasi mavjud bölgan ip-kalava, uzum, sintetik kompleks iplar hamda sintetik tolalardan tayyorlangan ip-kalavalar asosiy örinni egallagan.
Agrosanoat majmuasi, maşinasozlik, yoğoçni qayta işlaş va sanoat mahsulotlarini qayta işlaş sohalari rivojlangan Mogilyov viloyati uçun Özbekiston istiqbolli bozor va işonçli hamkor hisoblanadi.

Özbekistonda allaqaçon yirik investitsiya loyihalarini amalga oşirayotgan «Servolyuks» kompaniyalar guruhi rahbarining faxriy konsul etib tayinlanişi ikki tomonlama hamkorlik aniq iqtisodiy asoslarga tayanib, real işlab çiqariş quvvatlari, investitsiyalar va özaro savdo aloqalari orqali yanada rivojlanişidan dalolat beradi.
Muhammadjon Obidov, ÖzA